Falakning gardishi: AQSH – XXR munosabatida keskin burilish…
Prezident Donald Trampning Pekinga safari xalqaro tahlilchilar tomonidan shunchaki diplomatik tashrif emas, balki dunyo iqtisodiyoti, texnologiyasi va geosiyosati uchun kurashayotgan ikki qudratli davlatning yangicha hisob-kitobi sifatida baholanmoqda.
AQSH hamon dunyodagi eng boy mamlakat hisoblanadi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi hisobotiga ko‘ra, 2026-yil Amerika iqtisodiyoti 30 trillion dollardan oshishi kutilyapti. Xitoy esa 20 trillion dollar bilan ikkinchi o‘rinda. Binobarin, asosiy masala bugungi raqamlarda emas, o‘sish sur’atida.
So‘nggi yillarda XXR Qo‘shma Shtatlarga nisbatan qariyb ikki barobar tez boyimoqda. Pekin global ishlab chiqarish, elektr avtomobili, quyosh paneli va batareya bozorida ustunlikni qo‘lga olgan. Yer yuzi bo‘ylab EV batareyalarining 70 foizdan ortig‘ini nazorat qilmoqda.
Vashington esa texnologiya urushi orqali raqibining yurishini sekinlashtirishga urinyapti. Tramp ma’muriyati Xitoyga yuqori texnologiyali chip eksportini chekladi, sun’iy intellekt sohasidagi bosimni kuchaytirdi va Tayvan masalasini strategik qurol sifatida ishlatmoqda. Pekin esa javob tariqasida nodir metallar va ta’minot zanjiri orqali bosimni oshirmoqda.
Harbiy maydonda ham raqobat keskin. SIPRI ma’lumotiga ko‘ra, AQSHning harbiy xarajati qariyb 1 trillion dollarga yaqinlashgan. Xitoy esa harbiy dengiz kuchlari, raketa va kiber qudrat ko‘lamini jadal kengaytirmoqda.
Ekspertlar fikricha, Pekin sammitida yirik kelishuvlardan ko‘ra muhimroq mavzu muhokama qilinadi – dunyo tartibini kim belgilashi. Zero, AQSH moliyaviy va harbiy jihatdan hali yetakchi bo‘lsa-da, XXR global iqtisodiy tizimda eng xavfli raqobatchiga aylanib ulgurgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA