“Ezgulik manzili” hudud kezmoqda
Bolalar salomatligini muhofaza qilish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash davlat himoyasida.
Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi ham ana shu maqsadda tashkil etilgan.
Fond vakillari ehtiyojmand, kam ta’minlangan, og‘ir sharoitga tushgan oilalardagi bemor bolalarga konsultativ va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida “Ezgulik manzili” xayriya aksiyasini o‘tkazmoqda.
Fond jamoasi ana shu aksiya doirasida Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasining tajribali mutaxassislari bilan Buxoro viloyatiga yetib bordi. Bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida tashkil etilgan mazkur aksiyadan ko‘zlangan maqsad jamg‘armaning tibbiy dasturlariga asosan og‘ir tashxisli bemor bolalarni davolash, bepul dori-darmon vositalari bilan ta’minlash, ular salomatligini muntazam tiklab borish, jarrohlik amaliyotiga zarurat bo‘lganda murakkab amaliyotlar o‘tkazishdan iborat.

Aksiyada 200 dan ortiq bemor bolalar va ularning ota-onalari ishtirok etdi. Ularga yuqori malakali mutaxassislar plastik xirurgiya, ortopediya, travmatologiya, oftalmologiya, otolaringologiya, kardioxirurgiya yo‘nalishlari bo‘yicha chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruv va maslahatlar berildi.
Shifokorlarning tavsiya va xulosalari asosida ayrim bolalarga shu yerning o‘zida operatsiya amaliyotlari o‘tkaziladigan bo‘ldi. Qolgan bolalarda esa bu jarayonlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Tabiiyki, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning ota-onalari esa bu muruvvat yordamidan mamnun.
Qayd etish kerakki, Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan bu kabi aksiyalar respublikamiz bo‘ylab muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. O‘tgan davr mobaynida yurtimizning ko‘pgina hududlaridan tibbiy-ijtimoiy yordamga muhtoj bolajonlarga xayriya yordamlari, operatsiya xarajatlari to‘liq qoplab berildi. Mazkur aksiya doirasida ham Jamoat fondi tomonidan nafaqat bolalarni operatsiya qilish, balki ularni sog‘lomlashtirish, zarur dori vositalari bilan ta’minlash kabi xarajatlar to‘liq qoplab berilmoqda.

Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan nafaqat yurtimiz, balki xorijiy klinikalar bilan ham hamkorlik memorandumlari imzolangan. Bu kelishuv doirasida ham qator ijtimoiy-tibbiy loyihalarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Albatta, bu kabi ijtimoiy aksiyalarning doimiy ravishda o‘tkazilayotganligi bemor bolajonlarni to‘liq davolash, ularni tengdoshlari kabi sog‘lom hayotga qaytarish yo‘lidagi ezgu amallardan biri hisoblanadi.
Aksiya 21 mayga qadar davom etadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA