Evrilish nuqtalari
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sharofiddin Nazarovning “Evrilish nuqtalari: tarix va kelajak” nomli kitobi chop etildi.
Qonunchilik palatasida mazkur kitobning taqdimotiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi mutasaddilari va iqtisodchi olimlar, Yoshlar parlamenti a’zolari, ilmiy jamoatchilik vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Ushbu asar yurtimiz bosib o‘tgan ziddiyatli va murakkab yo‘lning xolis, tanqidiy va ilmiy nigoh bilan qilingan tahlili mahsuli. Kitobning markaziy falsafasini, muallif tili bilan aytganda, «Evrilish nuqtasi» konsepsiyasi tashkil etadi.
Tadbirda so‘z olganlar kitobning «Evrilish nuqtasi» jamiyat yoki davlat rivojlanishidagi muhim burilish pallasi ekani, unda eskicha tizim va inqirozga yuz tutgan modeldan voz kechib, tubdan yangilanish va yuksalishga o‘tish jarayoni yoxud xatolarni tan olmasdan, eskilikni ushlab qolishga urinib, tanazzulga yuz tutish to‘g‘risidagi haqiqatlar tilga olingani, muallif O‘zbekistonning yaqin va uzoq tarixini aynan mana shu davr ko‘zgusi orqali tahlil qilgani xususida fikr-mulohazalar bildirdi.

Shuningdek, taqdimotda ushbu risola orqali muallif dastlab milliy davlatchiligimiz tarixidagi ikkita butunlay farqli davrni qiyoslashi soha olimlari tomonidan alohida qayd etildi. Birinchisi – ochiqlik, ilm-fan va xalqaro iqtisodiy integratsiyaga tayangan, mintaqani dunyoning markaziga aylantirgan Temuriylar Renessansi.
Ikkinchisi esa dunyodagi global texnologik trendlarni va sanoat inqilobini payqamay qolgan, ichki nizolar va mutaassiblik botqog‘iga botgan, natijada geosiyosiy izolyatsiya va mustamlakachilikka yuz tutgan Temuriylardan keyingi davr. Muallif bu ikki davrni shunchaki tarix sifatida eslamaydi, balki ularni bugungi kunimiz uchun teran bir ko‘zgu sifatida mulohaza qiladi.

Muallif 2016-yilni mamlakatimiz tarixidagi yangi va muzaffar «Evrilish nuqtasi» sifatida baholaydi. Kitobning «Yangi boshqaruv falsafasi» bobida esa «Davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak», degan ezgu tamoyilning hayotimizga kirib kelishi, majburiy mehnat zanjirlarining uzilishi va so‘z erkinligining ta’minlanishi tizimli tahlil etilgan.
Risoladan yurtimiz bosib o‘tgan ziddiyatli yo‘lning xolis nigoh bilan qilingan tahliliy mulohazalar o‘rin olgan bo‘lib, unda muallif uzoq va yaqin o‘tmishimizdagi tanazzul sabablari va jamiyatning yo‘qqa chiqarilgan imkoniyatlari haqida ochiq fikr yuritadi. Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab yuzaga kelgan paradokslar, iqtisodiy siyosatning eng og‘riqli nuqtalari, kelajakda takrorlanmasligi kerak bo‘lgan anglashga yo‘naltirilgan o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashadi.

Risolada “Iste’mol bozoridagi “o‘yinlar”, “Islohotlar imitatsiyasi”, “Yangi boshqaruv falsafasi” kabi muhim mavzularga bag‘ishlangan tahliliy fikr-mulohazalar ham berilgan.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kutubxonasiga mazkur kitob to‘plamlari sovg‘a qilindi.
M.Komilova,
A.Alijonov (surat), O‘zA