“Euronews”: O‘zbekiston xalqaro turizm xaritasida o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda
"Euronews" nashri yurtimizda turistlar oqimining o‘sishi, transport aloqalari kengayishi va sayohat talablarining yengillashtirilishi xususida tahliliy maqola e’lon qildi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning birinchi choragida o‘lkamizga xalqaro tashriflar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 37 foizga oshgan. O‘zbekiston 2025-yilda rekord darajada – 11,7 million nafar xorijiy mehmonni qabul qildi. 2026-yilning dastlabki yetti oyida esa mamlakatga 7,7 milliondan ortiq chet ellik sayyoh keldi. Turizm xizmatlari eksporti qariyb 3,5 milliard yevroga yetdi. Bu raqamlar soha mamlakat iqtisodiyotida tobora muhim o‘rin egallayotganini ko‘rsatadi.
Nashr e’tibor qaratgan asosiy yo‘nalishlardan biri — turizm biznesini rag‘batlantirish va transport infratuzilmasini rivojlantirish. 2026-yilgi ochiq turizm mavsumi doirasida yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘ygan aviakompaniyalarga har bir olib kelingan xorijiy sayyoh uchun 89 yevro subsidiya hamda aeroport xizmatlariga 20 foiz chegirma taklif etilgan. Turoperatorlar uchun ham xorijiy bozorlardan sayyohlar jalb qilishga qaratilgan moliyaviy rag‘batlar belgilangan.
Transport imkoniyatlarining kengayishi Samarqand xalqaro aeroporti misolida ham ko‘rinadi. Aeroportning tijorat direktori Dmitriy Martnenko ma’lum qilishicha, yo‘lovchilar oqimi 2022-yildan buyon uch barobar oshgan. 2025-yilda aeroport 1,5 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan, 24 ta aviakompaniya esa 30 ta yo‘nalishda parvozlarni amalga oshirgan.
– Hozirda aviaqatnovlarni yanada rivojlantirish ustida faol ishlayapmiz, shuningdek, Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlariga ham yangi yo‘nalishlarni ochishni rejalashtiryapmiz, — degan D.Martnenko “Euronews”ga bergan intervyusida.
Temiryo‘l qatnovlari ham sayyohlar uchun mamlakat bo‘ylab harakatlanishni osonlashtirmoqda. Xususan, “Jaloliddin Manguberdi” poyezdi Toshkentdan Xivagacha bo‘lgan safar vaqtini 14 soatdan 7,5 soatga qisqartirdi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyati esa yuqori tezlikdagi qatnovlar geografiyasini kengaytirishni maqsad qilgan.
Sayyohlik bozorini kengaytirishda vizasiz rejimlar ham muhim ahamiyatga ega. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, 90 dan ortiq mamlakat fuqarolari O‘zbekistonga turli muddatlarga vizasiz kirishi mumkin. Xitoy bilan o‘zaro 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilganidan keyin xitoylik sayyohlar oqimi ham sezilarli o‘sgan. Turizm qo‘mitasi vakilining aytishicha, 2025-yil oxiriga kelib, Xitoydan kelgan sayyohlar soni 2023-yilga nisbatan olti barobardan ko‘proq oshgan.
Diyorimizda turizmni faqat Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar bilan cheklab qo‘ymaslikka ham e’tibor qaratilmoqda. 50 dan ortiq turizm qishloqlari va mahallalari rivojlantirilgan, tog‘li hududlarda yangi dam olish maskanlari tashkil etilmoqda. Bu tashabbuslar sayyohlikdan tushadigan daromadni hududlarga kengroq taqsimlash, mahalliy mehmon uylari, hunarmandlar, gidlar va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi mumkin.
O‘zbekistonning 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan turizm strategiyasiga ko‘ra, respublikamizga yiliga 20 million nafar xorijiy sayyohni jalb qilish, turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 7 foizga yetkazish va turizm xizmatlari eksportini 6 milliard dollarga oshirish ko‘zda tutilgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA