Etnosport maydonidagi muzaffar o‘zbek polvoni
Globallashuv shiddat bilan odimlayotgan bugungi davrda milliy an’analar, qadim qadriyatlarni asrab qolish juda muhim. Ayni kunlarda madaniyatlar va sivilizatsiyalar tutashgan tarixiy Istanbul tuprog‘ida bo‘lib o‘tayotan 8- Butunjahon Etnosport madaniyat festivali dunyo xalqlarini aynan shunday ezgu maqsad yo‘lida jamladi.
Turli davlatlaridan kelgan sportchi, hunarmand, san’atkorlarni birlashtirgan ushbu maydon ellar o‘rtasidagi qardoshlik, jipslik va tinchlik ramziga aylandi.
Ushbu nufuzli jahon anjumanda O‘zbekistondan ham Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari hamda Etnosport federatsiyasi rahbariyati boshchiligidagi keng tarkibli rasmiy delegatsiya ham qatnashmoqda.
Anjuman doirasida vakillarimiz milliy kurashimiz va o‘zbek jang san’atini dunyo ahliga namoyish etishmoqda. Shuningdek, mehmonlar uchun har kuni 1 tonna 250 kg guruchdan o‘zbek palovi damlanib, tarqatilyapti.
Xususan, qashqadaryolik Asror Hamidov musobaqa gilamida o‘zbek sportining jozibasi va kuchini amalda ko‘rsatib, xorijliklarni hayratlantirgan sportchilarimizdan biridir.
Asror polvon 2002-yil 29-aprelda Chiroqchi tumanida oddiy, mehnatkash oilada dunyoga kelgan. Bolaligi qishloqda o‘tgan, davralarda hayqiriq va chapak ostida kurashayotgan zabardast polvonlar harakatini zimdan kuzatgan yigitchaning murg‘ak qalbida buyuk niyat kurtak yozadi: Men ham bir kuni chempion bo‘laman! Aynan shu sof havas, kurashga bo‘lgan mehr va o‘nlab yillik muntazam, mashaqqatli mehnat uni muvaffaqiyat sari yetakladi...
Polvonimizning xalqaro va ichki miqyosdagi g‘alabalari salmoqli. U ikki marta Osiyo chempionatining shiddatli bahslarda tengsiz deb topildi va O‘zbekiston bayrog‘ini yuqori ko‘tardi. 10 dan ziyod mamlakat irinchiliklarida o‘ta kuchli raqobatga qaramay, o‘z vaznida shohsupaning eng yuqori pog‘onasini band etgan. 2024-yil Jizzaxda o‘tkazilgan O‘zbekiston Prezidenti sovrini uchun kechgan bahslarda mutlaq g‘oliblikka erishgan. Shu yil aprel oyida Eronning Isfahon shahrida tashkil etilgan Prezident sovrini xalqaro turnirida dunyoning eng sara polvonlari bilan bellashib, finalda kurash olami afsonasi Muhsin Hisomiddinov bilan matonatli kurash olib bordi va faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Turkiya tuprog‘iga ilk bor qadam bosgan Asror polvon Istanbuldagi taassuroti va o‘zi guvoh bo‘lgan voqealar haqida to‘lqinlanib gapirdi:
– Bizni aeroportda chiroyli kutib olishdi, turk xalqi juda mehmondo‘st ekan. Besh yulduzli “Wow Hotel” mehmonxonasiga joylashdik, sharoit a’lo darajada. Mehmonxonada hamma qulaylik bor. Meni quvontirgan, qalbimni g‘ururga to‘ldirgan lahzalarni aytmasam bo‘lmaydi. Ko‘rdingiz, bizga alohida maydon ajratilgan. Davraga chiqqanimizda boshqa davlatlardan kelgan mehmonlar, sportchilar bizga havas bilan qarab “Biz ham kurashib ko‘rsak bo‘ladimi?” deya so‘rashyapti. Men va sherigim 10 dan ziyod xorijlik bilan do‘stona kurash tushdik. Ularda milliy sport turimizga ancha qiziqish ortdi. Xullas, o‘zbek kurashini ommaga tanitishga hissa qo‘shayotganim bilan faxrlanaman. Bu yerda hamma birday samimiy, ko‘plab yangi do‘stlar orttirdik.
Umumiy ruhiyat haqida gapirar ekan, Asror polvon ushbu tadbirning insoniyat uchun ahamiyatini alohida ta’kidladi:
– Etnosport festivali butun jahonni birlashtiradigan, qardoshligimiz, birligimizni yana bir ta’kidlaydigan ulkan bayram. Yon-atrofimizda kayfiyati a’lo, ijobiy his-tuyg‘ularga oshno insonlar bisyor. Xalq, tomoshabinlar juda yaxshi madaniy hordiq olyapti. Shaxsan menga juda yoqdi. Bunday bayramlarda muntazam qatnashishni niyat qildim. Bilasizmi, men uchun dunyodagi eng go‘zal libos – egnimdagi yaktagim. Zero, kurash kiyimida Vatanimiz, bayrog‘imiz timsoli aks etgan. Yaktak kiyib davraga chiqqanimda qalbimda or, nomus va g‘urur jo‘sh uradi. Biz, kurashchilar gilamda faqat halollikni targ‘ib qilamiz. Kurash – mardlik va jasorat ramzi. Polvon shunchaki bahaybat jussa sohibi emas, balki qalbi toza, fe’li tanti inson bo‘lishi lozim.
Ha, Asror Hamidov kabi or-nomusni tug‘ qilgan, bilagida kuchi, qalbida iymoni sobit yigitlarimiz milliy sportimizni jahon uzra ommalashtirishda haqiqiy madaniyat elchisi vazifasini o‘tamoqda. Uning nufuzli musobaqalarda yurtimiz sharafini himoya qilish niyati o‘ziga yo‘ldosh bo‘lsin. Zero, yelkasi yer ko‘rmagan polvonlari bor yurtning qaddi hamisha tik!
Nodira Kayimova, O‘zA