"E’tirof menga yangi kuch-g‘ayrat bag‘ishladi"
Samarqand viloyati hokimligida davlatimiz rahbarining shu yil 14 avgustda qabul qilingan farmon hamda farmoyishiga muvofiq Tadbirkorlar kuni munosabati bilan davlat mukofotlari hamda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan samarqandlik ishbilarmonlarga ushbu mukofotlarni topshirish marosimi o‘tkazildi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov tadbirkorlarni tabriklab, ularning fidokorona mehnatlari, viloyat iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissasini e’tirof etdi.
Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, Samarqand shahridagi “Ahmadbek Qurilish Trio” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori Ilhom Rustamov “Do‘stlik” ordeni, Urgut tumanidagi “Bekmez Carpet” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Umarjon Ibodullayev va Payariq tumanidagi “Silver Green Tea” oilaviy korxonasi direktori Shokir Eshonqulov “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Shuningdek, aholi farovonligini ta’minlashga hissa qo‘shib kelayotgan sakkiz nafar tashabbuskor tadbirkor "Faol tadbirkor" ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi.
[gallery-18770]
– 10 yildan beri qurilish sohasida ishlayman, – deydi “Do‘stlik” ordeni sohibi Ilhom Rustamov. – O‘tgan yili “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangandim. Bu yil davlat mukofotiga munosib ko‘rishibdi. 200 nafardan ortiq ishchim bor. Bundan keyin ham tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanib, jamiyatimiz, davlatimiz rivojiga hissa qo‘shishda davom etamiz.
— Kulolman, tadbirkorlikni shu hunarim ustida yo‘lga qo‘yganman, — deydi “Samarqand keramika cherepitsa” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Abduvali Nabiyev. – Bugungi kunda biz ishlab chiqarayotgan milliy keramika mahsulotlari butun respublika bo‘ylab sotiladi. Yaqinda Tojikistonga 70 ming dollarlik mahsulot eksport qildik. Xaridorlarimiz yil sayin ko‘payib bormoqda. Bugungi e’tirof menga yangi kuch-g‘ayrat bag‘ishladi.
Marosim tadbirkorlar uchun tashkil etilgan bayram tadbiri bilan davom etdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari