E’tirof — mehnatimizning eng yorqin mukofoti
Munosabat
Joriy yilning 15 sentyabr kuni mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning pedagoglar bilan o‘tkazgan samimiy muloqoti yurtimiz bo‘ylab minglab ustozlar qalbida chuqur taassurot qoldirdi. Ushbu uchrashuv nafaqat samimiy muhitda o‘tdi, balki o‘qituvchilar mehnatiga berilayotgan yuksak e’tibor va qadrning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

Ayniqsa, boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun joriy etilayotgan milliy sertifikatlash tizimi haqidagi yangilikni eshitib, yuragim quvonchdan hapriqib ketdi. Bu tashabbus biz uchun nafaqat moddiy rag‘bat, balki ma’naviy quvvat, kelajakka bo‘lgan ishonch, mas’uliyat va ilhom manbai bo‘ldi.
Avvalgi tartibga ko‘ra, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari alohida fanlar bo‘yicha (ona tili, matematika) sertifikat olib, ustama olish imkoniyatiga ega edilar. Ammo endi aynan boshlang‘ich ta’lim sohasi bo‘yicha milliy sertifikatning joriy etilishi o‘qituvchilar faoliyatiga yuksak baho berilayotganining yaqqol dalilidir.
Sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchilarning oylik maoshiga 15 foizlik ustama to‘lanishi esa, albatta, nafaqat mehnatimizning munosib rag‘batlantirilishi, balki har bir ustozning o‘z ustida izlanishi, rivojlanishi uchun yangi turtki bo‘ladi.
Ustozni e’zozlash — kelajakni e’zozlashdir. Bu kabi islohotlar ta’lim sifati oshishiga, bolalarimizning mukammal bilim olishiga va eng muhimi, xalqimizning ertangi kuniga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlaydi.
Guljahon Egamqulova,
Xalq deputatlari Forish tuman Kengashi
deputati, boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi
O‘zA