“E’tibordagilar” loyihasi amalda
FOTOREPORTAJ
Ma’lumki, Yoshlar ishlari agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan boshqarma qoshida respublika miqyosida yangi innovatsion ijtimoiy loyiha – “E’tibordagilar” o‘z faoliyatini boshlagan edi.
Sirdaryo viloyati tajribasi asosidagi ushbu loyiha uchta muhim dasturga yo‘naltirilgan bo‘lib, birinchisi “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish – xalqimizga xos ezgu fazilat” shiori ostida viloyatning barcha shahar-tuman hududlaridagi yolg‘iz nuroniy otaxon va onaxonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning holidan xabar olish, qolaversa, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda keksalarning rolini oshirishga qaratilgan.
Ikkinchi dastur nogironligi bo‘lgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash hamda ijtimoiy faolligini oshirish, nogironligi bor yoshlarni boshqa tengdoshlari kabi inklyuziv ta’limga, mehnat va bandlikka, sog‘lomlashtirishga, yetarli turmush darajasi va ijtimoiy ko‘makka bo‘lgan huquqlarini ilgari surishga alohida e’tibor berish maqsadiga qaratilgan.
[gallery-13222]
“Ajrim – yechim emas” shiori ostidagi uchinchi dastur yosh oilalar ajrimining oldini olish, oilalarni mustahkamlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ajrashish arafasida turgan va ajrimi qayd etilgan yosh oilalar muammolarini hal etish, ajrimga qadar yosh oilalarni saqlab qolish imkoniyati ancha yuqori bo‘lgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan.
Loyihaning ushbu sonida ishchi guruh a’zolari Sirdaryo tumani Yangiobod mahallasida tog‘asi qaramog‘ida istiqomat qilib kelayotgan aka-singil Shahzod va Sarvinoz Kenjayevalar xonadonida bo‘ldi. Shahzod va Sarvinozning ota-onasi bevaqt vafot etgan bo‘lib, tog‘asi ularning ta’lim va tarbiyasiga mas’uliyat bilan yondashib, jamiyatda o‘z o‘riniga ega bo‘lishi uchun harakat qilmoqda. Bu kabi xayrli va mas’uliyatli ishga Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i va ishchi guruh a’zolari ham o‘z vazifasi sifatida qaradi. Ularning bilim olishi, kelajakda mamlakatimiz uchun salohiyatli kadr bo‘lib voyaga yetishi uchun loyiha doirasida amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. Shahzod va Sarvinozga Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i M. Sirojiddinov tomonidan “Ibrat farzandlari” loyihasiga doir sovg‘a-salomlar topshirilib, ushbu loyiha bo‘yicha xorijiy tillarni o‘rganishi uchun sharoit yaratildi.
“E’tibordagilar” loyihasining yana bir qahramoni Yangiobod mahallasida istiqomat qilayotgan 29 yoshli Nigina Hidoyatova nogironlik bo‘yicha “Yoshlar daftari”ga kiritilgan bo‘lib, hozirda alohida ko‘makka muhtoj yoshlar sirasiga kiradi. Loyihaning ishchi guruh a’zolari ushbu xonadonga tashrif buyurib, Niginaning holidan xabar oldi.
Shahriyor ORTIQBOEV (surat), O‘zA