E’tibor va g‘amxo‘rlikdan shod ko‘ngillar
"Mahalla"xayriya jamoat fondi Sirdaryo viloyat boshqaruvi, "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi hisobidan sog‘ligida muammosi bor, ijtimoiy himoyaga muhtoj, "Temir daftar" ro‘yxatiga kiritilgan 200 nafar fuqaroga profilaktika muassasalarida davolanishi uchun 912 million so‘mdan ortiq mablag‘ o‘tkazib berildi.
– Tizza bo‘g‘imi bilan bog‘liq kasallik ko‘pdan buyon qiynab kelardi, – deydi Guliston tumani "Mustaqillik" mahallasida yashovchi Qurbonali Karimboyev. – Xalq deputatlari tuman Kengashi a’zolari hamda fondning tuman bo‘linmasi xodimlari ko‘magi bilan uzoq yillik darddan xalos bo‘ldim. Profilaktika muassasasida davolanishim, oyog‘imda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun fondning "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi hisobidan 22 million 500 ming so‘m pul mablag‘i ajratildi. Endi ahvolim yaxshi.
"Mahalla" xayriya jamoat fondi Sirdaryo viloyat boshqaruvida yarim yillik yakunlariga bag‘ishlab kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda ijtimoiy ahvoli og‘ir, mehnatga layoqatli, ammo ishsiz fuqarolarning sog‘ligini tiklash, favqulodda hodisalar tufayli uysiz qolib ketgan oilalar muammosini bartaraf etish, yordam ko‘rsatish ishlari muhokama qilindi.
Shuningdek, Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi "Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni ijrosi doirasida o‘tkazilgan "Sportchilar oilasi", "Mohir hujumchi”, "Arqon tortish", "Kim epchil", "Shaxmat va shashka", "Stol tennisi", "Badminton", "Voleybol" kabi sport-sog‘lomlashtirish tadbirlaridan erishilgan natijalar tahlil qilindi.
Sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari ko‘lamini kengaytirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA