E’tibor markazida – Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasi
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasining ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Tadbirda vazirlik rahbariyati, tizim xodimlari hozir bo‘lishdi, hududiy bo‘limlar vakillari videokonferensiya orqali ishtirok etdi.
Muloqot davomida investitsiyalar va tashqi savdo faoliyati sohalariga urg‘u berilgan holda, joriy yil amalga oshirish uchun Murojaatnomada belgilangan strategik maqsad va vazifalar mazmun-mohiyatini ochib beruvchi ma’ruza tinglandi.
Investitsiyalar jalb etish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulot ishlab chiqaruvchi yuqori texnologiyali korxonalar yaratishga qaratilgan istiqbolli investitsiya loyihalari ishlab chiqish, investitsiya muhitini yaxshilash, eksport salohiyatini oshirish va hududlarni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarga atroflicha ko‘rib chiqildi.

Iqtisodiyotni rivojlantirish va erkinlashtirish, kambag‘allikni qisqartirish, davlat kompaniyalari transformatsiyasini jadallashtirish, tovar va moliya bozorida erkin raqobat muhitini yaratish, viloyat, tuman, shahar va mahallalar darajasida "o‘sish nuqtalari"ni ishga solish hisobiga iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash, tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, qishloq xo‘jaligi unumdorligi va samaradorligini oshirish, aholi ijtimoiy himoyasini mustahkamlash va yangi eksport bozorlariga chiqish bo‘yicha Murojaatnomada belgilangan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar belgilangan vazifalarni amalga oshirish mexanizmi yuzasidan fikr almashdilar, ustuvor yo‘nalishlarda ish olib borishga doir samarali takliflarni ilgari surdilar.