Ertangi kun egalariga munosib tuhfa
Guliston shahrining Ulug‘ yo‘l mahallasida joylashgan 20-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti to‘liq rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. 330 nafar tarbiyalanuvchiga mo‘ljallangan muassasaning qayta qurilishi uchun 5,8 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, bolalar uchun zamonaviy va xavfsiz ta’lim muhiti yaratildi.
1987-yilda barpo etilgan mazkur muassasa davlatimiz rahbarining Sirdaryo viloyati infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan qarorlari doirasida kapital rekonstruksiya qilindi. Qurilish ishlari davomida binoning ichki va tashqi qismi to‘liq yangilanib, guruh xonalari, yotoqxonalar, oshxona, tibbiyot xonasi, musiqa va jismoniy tarbiya zallari hamda ma’muriy xonalar zamonaviy talablar asosida ta’mirlandi.

Shuningdek, muassasa yangi mebellar, o‘quv-didaktik vositalar va zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Hududda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, bolalarning mazmunli hordiq chiqarishi va jismoniy rivojlanishi uchun zamonaviy o‘yin maydonchalari barpo etildi.

Bugungi kunda maktabgacha ta’lim tashkilotida bolajonlarni sifatli ta’lim va tarbiya bilan qamrab olish, ularning intellektual, ma’naviy va jismoniy rivojlanishi hamda maktab ta’limiga puxta tayyorlanishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy ta’lim muhiti, xavfsizlik talablariga javob beradigan infratuzilma va qulay shart-sharoitlar tarbiyalanuvchilarning barkamol voyaga yetishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.


Maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va bolalar qamrovini kengaytirish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada Sirdaryo viloyatida ham yangi muassasalar barpo etish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va ularni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.


20-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining yangilanib foydalanishga topshirilishi ana shu ezgu sa’y-harakatlarning yana bir amaliy ifodasi bo‘lib, ertangi kun egalari uchun munosib ta’lim-tarbiya muhitini yaratish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri