“Ertakjon”ning ezgulikka yo‘g‘rilgan ertaklari
Poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi “Ertakjon” nomli 150-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tuman prokuraturasi homiyligida hamda mahalliy byudjetdan ajratilgan mablag‘ hisobidan rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.
Muassasada yangidan barpo etilgan alohida ovqatlanish xonalari, sport zal, sport maydonchasi, tarbiyalanuvchilarda yo‘l harakati qoidasi ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida avtodrom, yozgi basseyn zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Shaxmat yo‘lakchalari barpo qilindi, bolalar ayvonchalari qayta ta’mirlandi. 12 guruh tashkil etilib, 360 nafar o‘g‘il-qiz ta’lim-tarbiya olishiga imkoniyat yaratildi.
Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus doirasida tashkilotda alohida bino qurildi. Kelgusida bu yerda turli yo‘nalishda to‘garaklar, maktabga tayyorlash guruhlari hamda pullik xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.
Bugun maktabgacha ta’lim tashkilotining ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda muassasadagi sharoitlar bilan bevosita tanishildi.



Mohigul Qosimova, O‘zA