Ertaga Ozarbayjonda parlament saylovi kuni
Bugun Ozarbayjonda 1 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari parlament saylovi oldidan tashviqotining har qanday shakli taqiqlangan “sokinlik” hukm surmoqda. Saylov kodeksiga ko‘ra, ro‘yxatga olingan deputatlikka nomzodlar, ularning ishonchli vakillari, shuningdek siyosiy partiyalar, bloklar bo‘yicha saylov oldi tashviqoti ovoz berish boshlanishiga 24 soat qolganda yakunlangan.
1 sentyabr kuni 6 mingdan ortiq saylov uchastkasi ertalab 8:00 dan kechqurun 19:00 gacha ishlaydi. Bu gal 125 o‘rin uchun kurash olib boradigan 990 nomzod orasidan vakolatlilar saralanadi. Umumiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri asosda besh yil muddatga saylangan amaldagi tarkib 2020 yil 9 fevralda bo‘lib o‘tgan Oltinchi chaqiriq natijasiga ko‘ra shakllantirilgan. Ertangi ovoz berish favqulodda xususiyatga ega. Konstitutsiyaga ko‘ra, muddatidan oldin o‘tkazilgan saylovda saylangan parlament vakolati muddati besh yildan kam bo‘lishi mumkin.
Markaziy saylov komissiyasi raisi Mazohir Panaxov bo‘lajak siyosiy tadbirda qulay va xavfsiz ovoz berishni tashkil etish uchun ro‘yxatga olingan 6 milliondan ziyod fuqaroga barcha sharoit yaratilganini ma’lum qildi.
Jarayonni kuzatib borish uchun respublika bo‘ylab 1000 ta veb-kamera o‘rnatilgan. MSK dastlabki natijani shu kuniyoq e’lon qiladi, yakuniy xulosa esa 20 kun ichida chiqadi.
2024 yil 27 avgust holatiga ko‘ra, 111 200 mahalliy kuzatuvchi akkreditatsiya qilingan. Shuningdek, 46 mamlakat, 29 nufuzli xalqaro tashkilotdan 267 nafar mutaxassis, shuningdek Rossiya, Turkiya, Gruziya, Qozog‘iston parlamentlari vakillari ham ovoz berish jarayonini kuzatib boradi.
Ozarbayjon qonunchiligiga ko‘ra, parlament saylovi noyabr oyi birinchi yakshanbasida o‘tishi kerak edi. Muddat ko‘chirilishi sababini spiker Sohiba Gafarova shunday izohladi: Ozarbayjonda 2024 yil noyabrda jahon miqyosidagi tadbirlar bo‘lib o‘tadi. Masalan, parlament COP29 kabi nufuzli anjumanlar davomida to‘liq ish olib borishi maqsadga muvofiq.
S.Rahimov
O‘zA