Eronlik chorvachilik sohasi vakillari mamlakatimiz naslchilik xo‘jaligi faoliyati bilan tanishdi
Shu kunlarda Eron Islom Respublikasidan yurtimizga tashrif buyurgan rasmiy va biznes delegatsiyasi vakillari, chorvachilik, naslchilik va oziqlantirish sohalarida faoliyat yurituvchi Eron kompaniyalari rahbarlari mamlakatimizdagi qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohasidagi ilg‘or tajribalar bilan tanishmoqda.
Mamlakatimizda chorvachilikni tashkil etish imkoniyatlari, naslchilik ishlari, mahsuldor chorva mollarini parvarishlash va ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishish, shuningdek, sohada tajriba almashish va amaliy hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida tashkil etilgan tashrif doirasida chorvachilik yo‘nalishidagi delegatsiya a’zolari Chinoz tumanidagi “Yulduz” naslchilik fermer xo‘jaligida bo‘ldi.

Mehmonlarga xo‘jalik rahbari tomonidan fermer xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar, chorva mollarini parvarishlash va naslchilik yo‘nalishidagi faoliyat haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda xo‘jalikda 700 bosh naslli qoramol parvarishlanmoqda. Har bir sigirdan bir kunda o‘rtacha 30 litr sut sog‘ib olinmoqda. Tashrif davomida eronlik mutaxassislar xo‘jalikdagi ish jarayonlarini ko‘zdan kechirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

O‘zaro tajriba almashish va amaliy muloqotlar O‘zbekiston va Eron o‘rtasida chorvachilik sohasida hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilashga xizmat qiladi.
G.Boboyeva,O‘zA