Eron terma jamoasi FIFAga shikoyat qiladi
Eronliklar ikkinchi turda 21-iyun kuni Belgiya milliy terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Eron milliy terma jamoasi AQSh hududida jamoa harakatlanishiga qo‘yilgan cheklovlar yuzasidan FIFAga rasmiy murojaat yuborishga qaror qildi.
Eron futbol federatsiyasi bayonotiga ko‘ra, jamoaga Yangi Zelandiyaga qarshi o‘yin oldidan AQShga faqat uchrashuvdan bir kun avval kirishga ruxsat berilgan. Bu esa terma jamoaning bahsga tayyorgarlik jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Federatsiya ma’lumotiga ko‘ra, shunga o‘xshash holat Belgiya bilan bo‘ladigan ikkinchi tur uchrashuvi arafasida ham kuzatilgan.
— Eron futbol federatsiyasi ushbu cheklovlar musobaqada ishtirok etayotgan barcha jamoalar uchun teng sharoitlar yaratilishi tamoyiliga zid deb hisoblaydi. Bu holat jamoaning o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rishiga xalaqit berishi mumkin, — deyiladi tashkilot bayonotida.
Ma’lumot uchun, Eron terma jamoasi JCH–2026 guruh bosqichidagi ilk uchrashuvda Yangi Zelandiya milliy terma jamoasi bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi. Eronliklar ikkinchi turda 21-iyun kuni Belgiya milliy terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.