Eron jiddiy energetika inqirozini boshdan kechirmoqda
Erondagi energiya inqirozi tufayli ayrim viloyatlardagi ko‘plab zavodlar, davlat idoralari qishning sovuq kunlarida “dam olish” uchun yopildi, maktablar masofaviy ta’limga o‘tdi.
Neftga boy ushbu mamlakatda iqtisodiy sanksiya choralari tufayli energetika infratuzilmasiga yetarli sarmoya kiritilmagani ta’minot taqchilligini keltirib chiqardi. Ayniqsa, qish oylarida sanoat va aholi turar joylarida elektr ta’minotidagi uzilishlar iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni yuzaga keltirdi.
Bir muddat avval Prezident Mas’ud Pezeshkiyon fuqarolarga murojaat qilib, qozon haroratini 2 darajaga tushirishni so‘ragan edi. Energetika vaziri Abbos Aliobodiy, o‘z navbatida, elektr stansiyalarini ko‘proq gaz bilan ta’minlash, elektr energiyasi uzatilishida muammo bo‘lmasligi uchun aholini yonilg‘i sarfini kamaytirishga chaqirdi. Ba’zi elektr stansiyalari ishdan chiqqaniga diqqat qaratib, odamlar sarfni kamaytirishi kerakligini aytdi.

Energetika muammolari tufayli dekabr oyida Ardabil, Tehron, G‘arbiy Ozarbayjon, Simnan, Guliston, Shimoliy Xuroson, Rizo Xuroson, Mozandaron, Zanjon, Kurdiston va Kirmonshohda ta’lim tizimi faoliyati butunlay to‘xtatildi.
Vitse-prezident Muhammad Ja’far Qoimpanoh 17 dekabr kuni mamlakatda tabiiy gaz yo‘qligi sababli ayrim sanoat zonalaridagi zavod va sexlar ishlamayotganini bildirdi.
Mamlakatning tabiiy gazga ehtiyoji 945 million kub metrni tashkil etadi. Ayni payt qazib olingan gaz 840 million kub metrdan kamroq.
“Tejaratnews” sayti xabariga ko‘ra, mamlakat elektr ehtiyojining asosiy qismi hamon tabiiy gaz bilan ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalari hisobidan qoplanadi. Bu holat talab eng yuqori cho‘qqisiga chiqqanda 15 ming megavattga yaqin taqchillikka olib keladi. Elektr tez-tez uzilishi sanoat va fuqarolar uchun jiddiy muammo paydo qilyapti.
Eronda elektr energiyasining 94 foizi qazib olinadigan yonilg‘i yordamida ishlab chiqariladi. Dunyoda shamol va quyosh energiyasi ulushi 13 foizni tashkil etayotgan bir payt Eronda bu ko‘rsatkich 0,6 foiz.

Tabiiy gazga haddan ziyod qaramlik, texnologik taraqqiyot oqsayotgani va infratuzilma eskiligi qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda. Elektr energiyasini ishlab chiqarish va uzatish infratuzilmasi modernizatsiya qilinmagani ham ko‘p energiya yo‘qotilishiga sabab bo‘lib, iqtisodiyotga sezilarli salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Hisob-kitobga ko‘ra, elektr ta’minotidagi uzilish sanoat ishlab chiqarishiga yiliga 5-8 milliard dollargacha zarar yetkazyapti.
Eron 2030 yilgacha qayta tiklanadigan energiya quvvatini taxminan 2500 megavattgacha oshirishni rejalashtirgan, biroq moliyaviy qiyinchilik va iqtisodiy sanksiya xorijiy sarmoya va ilg‘or texnologiya oqimini sekinlashtirmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya dunyo bo‘yicha eng ko‘p tasdiqlangan tabiiy gaz zaxirasiga ega – 47 trillion kub metr. Eron esa bu borada 34 trillion kub metr bilan ikkinchi o‘rinda.
G.Sattorova, O‘zA