Eron Hurmuzdan ruxsatsiz o‘tadigan kemalarni sug‘urtadan mahrum qiladi
Eron Hurmuz bo‘g‘ozidan ruxsatsiz yo‘nalish bo‘ylab o‘tadigan kemalar xavfsizligiga kafolat yo‘qligi, bunday holatda sug‘urta qoplanmasligidan ogohlantirdi. Mazkur qaror keskinlikni kuchaytirishi mumkin.
Eronning Fors ko‘rfazi nazorat boshqarmasi (PGSA) kelib tushgan ko‘plab so‘rovlarga javoban dengiz transporti harakati bo‘yicha ana shunday muhim ogohlantirish e’lon qildi. Bu haqda “Report” agentligi xabar bergan. Ya’ni, Hurmuz bo‘g‘ozi orqali Eron tomoni tasdiqlamagan yo‘nalishda harakatlanadigan kemalar xavfsiz o‘tishi kafolatlanmaydi. Bundan tashqari tartibsiz qatnov sug‘urta kompaniyalari majburiyati doirasiga kirmaydi va ko‘rilgan zarar qoplab berilmaydi.
Mahalliy “Fars” axborot agentligi tarqatgan rasmiy bayonotda ta’kidlanishicha, ruxsat etilmagan yo‘nalish bo‘ylab suzish oqibatida kelib chiqadigan har qanday noxush holat va oqibat uchun javobgarlik to‘liq kema egasi, operatori hamda kapitan zimmasiga yuklanadi. Ushbu keskin bayonot yaqinda O‘mon ko‘rfazida yuk kemasiga noma’lum snaryad kelib urilgandan so‘ng e’lon qilindi. AQSHning talabi va e’tiroziga qaramay, Eron va O‘mon davlatlari Hurmuz bo‘ylab qatnovni mustaqil ravishda nazorat qilish niyatini bildirgan. “The Wall Street Journal” nashri xulosasiga ko‘ra, ushbu strategik bo‘g‘ozdan o‘tadigan kemalardan tranzit to‘lovi undirilishi Eronga yiliga taxminan 40 milliard dollar atrofida daromad keltiradi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA