Eron AQSH bilan sulhni bekor qilishi mumkin
Eron agar Isroil Livanga hujumni davom ettirsa, AQSH bilan tuzilgan kelishuv va Hurmuz bo‘g‘ozini ochish qarorini qayta ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi. Demak, mintaqada vaziyat yana keskinlashmoqda. Bu haqda xalqaro manbalarga tayanib xabar berilgan.
Ma’lum qilinishicha, Tehron vositachilar orqali AQSH vakillari bilan Islomobodda o‘tkazilishi rejalashtirilgan muzokarada faqat Livanda ham o‘t ochish to‘xtatilgan taqdirdagina ishtirok etishini bildirgan. Eron rasmiylari Hurmuz bo‘g‘ozini qayta ochish bo‘yicha avval qabul qilingan qaror ham qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligini ham ta’kidlagan. Manbalarga ko‘ra, agar Isroil Livan va Eron hududiga zarba berishda davom etsa, Tehron mintaqadagi davlatlarga qarshi, jumladan Isroilga nisbatan harbiy harakatni kuchaytiradi.
8-aprel kuni vositachilar bo‘lajak Eron – AQSH uchrashuvining so‘nggi tafsilotini muhokama qilgan. Mahalliy ommaviy axborot vositalari ham Eron sulh shartini qayta baholayotganini tasdiqlagan. Xususan, “Tasnim” agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroilning Livanga hujumi davom etsa, Tehron AQSH bilan tuzilgan kelishuvdan chiqishi mumkin.
Shu orada Isroil armiyasi Bayrut, Bika’ vodiysi va Livan janubidagi hududlardagi 100 dan ortiq nishonga zarba berilganini ma’lum qildi. Bu amaliyot hozirgi mojaro boshlangandan keyin muvofiqlashtirilgan eng yirik hujumlardan biri sifatida baholanmoqda. Livan rasmiylari bildirishicha, ushbu hujumlar natijasida kamida 1530 kishi halok bo‘lgan, 4812 fuqaro turli darajada jarohat olgan.
Mahalliy aholi aksar zarbalar evakuatsiya to‘g‘risida oldindan ogohlantirishsiz amalga oshirilganini aytgan. Mintaqada keskinlik kuchayib borayotgan bir payt, Kuvayt, Birlashgan Arab Amirliklari va Bahrayn ham Eron tomonidan amalga oshirilgan yangi raketa, dron hujumlari haqida xabar berdi. Ayrim zarbalar neft, energetika hamda suvni chuchuklashtirish infratuzilmasiga qaratilgani ta’kidlangan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA