Erkinjon Turdimov bolalarni tabrikladi
Bugun xalqaro bolalarni himoya qilishi kuni Samarqandda ham keng nishonlanmoqda. Barcha tuman va shaharlardagi istirohat bog‘lari, xiyobonlarda karantin qoidalariga rioya etilgan holda bolalar ishtirokida konsertlar, sport o‘yinlari, madaniy dasturlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bog‘ida, “Yoshlik” istirohat bog‘ida bugun attraksionlar bolajonlarga bepul xizmat qilmoqda. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, bolalar musiqa va san’at maktablari, sport maktablari o‘quvchilari ishtirokida tadbirlar uyushtirildi. Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Samarqand shahrida joylashgan 59-sonli maktab-internatida bo‘lib, bu yerda ta’lim-tarbiya olayotgan bolajonlarni bayram bilan tabrikladi va ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Viloyat rahbari bolajonlar bilan bir dasturxon atrofida o‘tirib, ular bilan dildan suhbatlashdi. O‘zining bolalik yillari haqida gapirib berib, tarbiyalanuvchilarning orzu-maqsadlarini eshitdi.
G‘.HASANOV, O‘zA