Erkinjon Turdimov bilan ishlash osonmi?
Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Manuchehr Mirzayev shu va boshqa savollarimizga javob berdi.
Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Manuchehr Mirzayev shu va boshqa savollarimizga javob berdi.
– Erkinjon Turdimovning matbuot kotibi sifatida ikki yildan buyon ishlayotgan boʻlsamda, oʻtgan yil hokimliklarda axborot xizmatlari faoliyati rasman yoʻlga qoʻyilgach, bu vazifani bajarib kelyapman, – deydi M.Mirzayev. – Yaxshi bilasiz, viloyatimiz hokimi ommaviy axborot vositalariga ancha yaqin, jurnalist va blogerlar bilan ham tez-tez uchrashib yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali fikrlashib turadi. Respublikamizdagi va xorijiy internet nashrlar, ijtimoiy tarmoqlarni doim kuzatib boradi. Demoqchimanki, axborot xizmati qanday ishlashi kerakligini yaxshi biladi va shu bois talabi juda kuchli. Baʼzida Samarqand viloyati bilan bogʻliq, bizning eʼtiborimizdan chetdan qolgan xabar yoki maqolalarni ham koʻrib, bizdan fikr, munosabat soʻraydi. Shuning uchun bir lahza boʻlsin, axborot xizmatiga masʼul ekanligimni unutmayman.
Bundan tashqari har kuni joylarda oʻtkaziladigan uchrashuvlar, aholi bilan muloqotlar va boshqa turli tadbirlar haqida shu kunning oʻzida axborot berishimizni talab qiladi. Bu ishni albatta, bir oʻzim bajarishim murakkab, katta bir ijodiy guruh ishlaymiz. Bir yil davomida axborot xizmati ijodiy guruhini shakllantirishga harakat qildik, buni Erkinjon Oqboʻtayevichning oʻzi qoʻllab-quvvatladi. Zarur texnika va vositalar xarid qildik. Xullas, ishlash uchun barcha sharoit yaratilgan, bu borada muammo yoʻq. Bundan tashqari viloyat televideniyesi, gazetalar tahririyatlari, samarqandlik jurnalist va blogerlar, internet saytlar bilan yaqin hamkorlik oʻrnatganmiz. Agar zimmangizga yuklatilgan vazifani astoydil bajarsangiz, hech boʻlmaganda shunga intilsangiz, E.Turdimov bilan ishlash qiyin emas.
– Samarqandda jurnalist va blogerlar respublikamizning boshqa hududlariga nisbatan ancha faol. Keyingi paytda axborot xizmatlari ham ancha jonlandi. Bunday sharoitda viloyat hokimligi axborot xizmatiga rahbarlik qilishning oʻziga yarasha murkkabliklari boʻlsa kerak...
– Toʻgʻri aytasiz. Bugun viloyatimizdagi 65 tashkilotda, 16 tuman, shahar hokimliklarida axborot xizmatlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Oʻnlab telegram kanallar, internet saytlar bor. Blogerlar ham shunga yarasha, juda koʻp. Bunday vaziyatda birinchi manbaa sifatida viloyat hokimligi, viloyat hokimi faoliyati bilan bogʻliq axborotlarni tezkor, aniq, kezi kelganda qisqa, baʼzan batafsil berish masʼuliyati kuchli. Hozircha, bir-birimizni tushunib, toʻldirib ishlayapmiz. Bugungi sharoit shunday – har kim axborotni, yangilikni birinchi bersam, birinchi manbaa boʻlsam, deydi. Axborot xizmatlari bilan ana shunday ijodiy raqobat asosida ishlayapmiz.
– Bugun davlat hokimiyati organlarining, rahbarlarning barchasi ham matbuot uchun ochiq ishlashni qabul qilishi qiyin kechayotgani sir emas. Sizda ham viloyat hokimi oʻrinbosarlari yoki viloyatdagi boshqarma va idoralardan maʼlumot olib, tarqatish bilan bogʻliq muammolar bordir...
– Faoliyatimizning dastlabki paytlarida bunday holatlar uchrab turardi, lekin hozir hammasi izga tushgan. Bu masalada ham koʻp narsa viloyatning birinchi rahbariga bogʻliq deb oʻylayman. Viloyatimiz hokimi ish faoliyatida matbuot uchun ochiq, hokimlik faoliyati bilan bogʻliq har bir yangilik va oʻzgarishni ommaga oshkor etishni talab qiladi. Oʻrinbosarlar va boshqa tashkilotlar ham ana shu mezon asosida ishlashga harakat qilyapti. Yaxshi bilasiz, viloyatimiz hokimi ikki yil oldin Samarqandda ish boshlaganida oʻzi va oʻrinbosarlari, tuman va shahar hokimlari, boshqarma va idoralar rahbarlarining viloyat televdeniyesi orqali toʻgʻridan-toʻgʻri efirda aholi bilan muloqot qilishi, faoliyati yuzasidan axborot berish tizimini yoʻlga qoʻygan edi. Har haftaning belgilangan kunida bu koʻrsatuv davom etyapti. Bugun viloyatimizda hokimlar va boshqa sektorlar rahbarlari, boshqarma va idoralar masʼullari OAV bilan ishlashni puxta oʻzlashtirgan, intervyu berishni, munosabat bildirishni yaxshi bilishadi.
– Faoliyatingiz davomida axborot xuruji, yolgʻon informatsiya tarqalishi kuzatildimi? Qanday yoʻl tutdingiz?
– Bugun bunday holat har bir axborot xizmati bilan sodir boʻlmoqda, desam xato boʻlmaydi. Chunki, bugun ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar koʻpaydi, blogerlar soni ham kun sayin ortmoqda. Lekin ularning orasida notoʻgʻri axborot tarqatayotganlar, yolgʻon shov-shuv bilan obroʻ orttirmoqchi boʻlganlar ham ming afsuski uchrab turibti. Ularning bu hatti-harakatlariga nisbatan haqiqiy vaziyatni bayon etish orqali javob beryapmiz.
Bundan tashqari, ayrim muammoli, munozarali masalalarni muhokama qilish uchun jurnalist va blogerlar bilan hamkorlik oʻrnatganmiz. Oʻzaro hamkorlik esa yaxshi natija berayapti.