Erkin Komilov: San’atdan uzoqlashish, ma’rifatdan uzoqlashishdir
Har bir san’at ixlosmandlariga Erkin Komilov nomi tanish. Uning ismini eshitgan kishida beixtiyor aktyor ijro etgan samimiy rollari gavdalanadi.
- Yillar oqar suv kabi o‘tib ketyapti, - deydi O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov. - Mana shu tez o‘tar zamonda kishi o‘zidan nimadir qoldirishi kerak ekan. Ortga qarasam, ozmi-ko‘pmi yaxshiliklar qilibmiz. Yaxshi rollar ijro etibmiz. Eng asosiysi, xalq yuragidan joy egallabmiz. Bir aktyor uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak. San’at vakili sifatida ko‘p narsalarni boshimizdan o‘tkazdik. Nuqson va kamchiliklardan xulosalar chiqarishni o‘rgandik. Ustozlar o‘gitiga amal qildik, kattaroq ish boshlasak tajribali kishilardan maslahat oldik. Bugun negadir yoshlarda ana shu xislat kamdek tuyuladi. Ayniqsa, san’at olamidagi yoshlarda. Go‘yo o‘zlari hammasini amallaydi, o‘zlarida barcha bilim-ko‘nikma yetarli. Ammo olgan filmlari haminqadar. O‘ynatgan aktyorlari yarmi yaroqsiz. Bunday filmlar bir marta ko‘rishdan boshqasiga yaramaydi.

Erkin Komilov qariyb yarim asrdan oshiqroq vaqt mobaynida teatr va kinoda turli xarakterga ega rollar yaratib kelmoqda. U shunchaki rol ijro etmaydi. U filmlardagi obrazida yashaydi. Uning komik rollarini ko‘rib samimiy kulasiz, dramatik rollari sizni o‘yga toldiradi, yig‘latadi. Aktyorning teatr sahnasida yaratgan rollari ham takrorlanmas. U so‘zga boy, sahnadagi har qanlay noqulay vaziyatdan chiqib keta oladi. Doim asardagi obrazning mazmun mohiyatini anglagan holda rollar ijro etadi.
- Aktyorda ham ko‘ngil bor, - deydi Erkin Komilov. - Teatrga borayotganda tomoshabin bir dasta gul olsa, yoki tomoshadan so‘ng rol haqida aktyorga samimiy tilaklar izhor etsa, ijodkorning boshi osmonga yetadi. Hozir san’atda ana shu e’tibor kamdek nazdimda. Zamonaviy teatrlar qurilgan, unda tomosha ko‘rish zavqli. Avvallari, sovuq va qorong‘i teatrlarda rollar ijro etardik, tomosha zallarida odamlar qaltirab bo‘lsada spektakl tomosha qilardi. Uyida bir burda noni bo‘lmasa ham oilaviy teatr tomoshalariga borishardi, avvallari Toshkentga kelgan inson teatrga tushmasdan qaytmasdi. Hozirchi, odamlar to‘q, to‘y-hashamga o‘ch bo‘p ketdi. Tirikchilik ketidan quvib ma’naviy hordiq olishga intilayotgani kamayib ketyapti. Teatr ibratxona, deb bekorga aytishmagan. Shundandir, jamiyatda aqlga sig‘mas jinoyatlar, vahshiyliklar urchidi. San’atdan uzoqlashgan kishi ma’rifatdan uzoqlashadi.

Malumot o‘rnida, Erkin Komilov 1946 yil 20 iyul Andijon viloyatida tavallud topgan. 1968 yil Ostrovskiy nomidagi Toshkent Teatr va rassomchilik institutini (hozirgi Mannon Uyg‘ur nomidagi Toshkent Davlat san’ati instituti) tamomlagan.
Aktyor "Mehnat shuhrati" va "Fidokorona xizmatlari uchun" ordenlari sohibi.
Erkin Komilov "Yuzsiz"," Tilla bola", "Taqdir zarbasi", " Girdob", "Sarvinoz", " Suyunchi", "Barakasini bersin,", " Vijdon", "Toliqqan ko‘ngillar oyga talpinar", " Sog‘inch sohili", "Gumrohlar"," O‘gay ona" , "Suv yoqalab" ,"Diyonat", "Marif va Sharif", " Qismat", "Temir erkak", " Tugun", "Taqdir", " Shaytanat" , "Ulfatlar 1,2,3", " Ibrat" kabi juda ko‘plab filmlardagi rollari, shu bilan birga 500 dan ortiq filmlardagi dublyaj ishlari orqali tomoshabinlar mehrini qozongan.
76 yoshni qoralagan aktyor bugun otaxon teatrlardan biri O‘zbek milliy akademik drama teatrida faoliyat yuritmoqda.
D.Mamatova, O‘zA muxbiri