Erdog‘an yetakchilarga o‘qotar qurol sovg‘a qildi
Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti (NATO) sammiti yakunlanganidan so‘ng, Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an ishtirokchi davlat rahbarlariga kutilmagan sovg‘a taqdim etdi.
Yog‘och quti ichiga joylangan, qabul qiluvchining nomi o‘yib yozilgan “Gümüşay .357 Magnum” — Turkiyada ishlab chiqarilgan revolver va unga mos oltita haqiqiy o‘q ayrim delegatsiyalar xavfsizlik xizmatlarini sarosimaga soldi.
Qurollarning mamlakatlarga qanday olib kirilishi masalasi ham alohida muhokamaga aylandi.
Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Belgiya bosh vaziri Bart de Vever va boshqa yetakchilar sovg‘a qutisini vatanlariga qaytgach ochgan. Kanada bosh vaziri Mark Karni esa hazil aralash o‘zining zarang sharbati bunday sovg‘a oldida juda “kamtarona” ko‘rinishini aytdi.
Turkiya prezidenti administratsiyasi sovg‘a berilganini tasdiqladi, ammo bu qaror yuzasidan qo‘shimcha izoh bermadi. Ekspertlar fikricha, davlat rahbarlariga bezakli o‘qotar qurol hadya qilish diplomatiya tarixida yangilik emas. XIX asrda amerikalik qurolsoz Samyuel Kolt Usmonlilar sultoni Abdulmajid I va Rossiya podshosi Nikolay I ga maxsus bezatilgan revolverlar hadya etgan.
2019-yilda esa Chexiya bosh vaziri Andrey Babish AQSH prezidenti Donald Trampga “CZ 75” — Chexiyada ishlab chiqarilgan mashhur yarim avtomatik pistoletning maxsus oltin suvi yuritilgan namunasini sovg‘a qilgan edi. Tahlilchilarga ko‘ra, Erdog‘anning bu qadami diplomatik ramz bilan cheklanmaydi.
Turkiya so‘nggi yillarda yengil o‘qotar qurollar eksporti bo‘yicha jahonda yetakchi davlatlardan biriga aylangani bois, bunday sovg‘a mahalliy qurolsozlik sanoatini targ‘ib qilish vositasi sifatida ham baholanmoqda. Ayrim davlatlar taqdim etilgan revolverlarni muzeylarga topshirishini bildirgan bo‘lsa, boshqalari ularni diplomatik sovg‘alar jamg‘armasida saqlashga qaror qildi.
Musulmon Ziyo, O‘zA