Epidemiya qanday qilib pandemiyaga aylandi?
019-yilning 31-dekabr kuni Xitoy hukumati Jahon Sogʻliqni saqlash tashkilotiga mamlakatning markaziy qismi (Xubey viloyati), Uxan shahrida nomaʼlum pnevmaniya paydo boʻlgani haqida maʼlum qildi.
Sharh
2019-yilning 31-dekabr kuni Xitoy hukumati Jahon Sogʻliqni saqlash tashkilotiga mamlakatning markaziy qismi (Xubey viloyati), Uxan shahrida nomaʼlum pnevmaniya paydo boʻlgani haqida maʼlum qildi.
Mutaxassislar ushbu kasallik yangi koronavirus ekanini aniqladi va u rasman COVID-19 virusi, deb ataldi. Yangi yil arafasi tabiiyki, bu xabar koʻpchilik tomonidan Janubiy Sharqiy Osiyoda tez-tez tarqalib turadigan, bahor boshlanishi bilan chekinadigan odatiy gripplarning biri, deb qabul qilingan boʻlsa ajab emas. Ammo vaziyat kundan-kun yomonlashib, virus yuqtirish holatlari borgan sari ommaviylashib bordi. Bir oy ichida Xitoyda kasallikka chalinganlar soni 50-60 mingdan oshdi. Mamlakatda zudlik bilan qoʻshimcha kasalxonalar qurila boshlandi. Boshqa viloyatlardan virusga qarshi kurash uchun tibbiyot xizmati xodimlari kela boshladi. Xitoy hukumati boshchiligida mamlakatda yangi virusning tarqalishiga qarshi umumxalq kurashi boshlab yuborildi. Xalqaro hamjamiyat mazkur muammo faqat Xitoyga tegishli ekanini qayta-qayta taʼkidlab, voqealar rivojini kuzatishda davom etdi.
Odatda bir hududda yoki bir shaharda tarqalgan yuqumli kasallik vrachlar tili bilan aytganda, epidemiya deb ataladi. Uxan shahridagi voqealarga ham boshida epidemiya sifatida qaraldi. Hatto, yangi turdagi virusni yuqtirish holatlari Yaponiya va Janubiy Koreyada uchray boshlaganida ham ofat epidemiya sifatida qarshi olinib, uzoq sharqdan beri kelmaydi, deb qabul qilindi. Ushbu voqealarga mana atigi ikki oy boʻldi.
Xoʻsh, Xitoyning Uxan shahrida paydo boʻlgan ofat bir hudud bilan chegaralangan epidemiya boʻlib qoldimi? Yoʻq, albatta. Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti oʻtgan hafta COVID-19 virusining epidemiyadan, yaʼni bir hudud chegarasidan chiqib, sayyoramizning 151 ta mamlakatiga tarqalib ulgurgan pandemiyaga aylanganini eʼlon qildi.
Birgina misol, Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti (JST)ning maʼlum qilishicha, oʻtgan 24 soat ichida dunyoda 14 ming kishi koronavirusga chalingan, 862 kishi vafot etgan. Oxirgi bir kunda 13 ming 903 kishida virus yuqtirish holati kuzatilgan, ularning atigi 29 nafari Xitoy fuqarolari. Qolganlari boshqa davlatlardan. Hozirda dunyo boʻyicha koronavirus yuqtirib olganlar soni jami 167 ming 511 kishini tashkil etdi. Dunyo boʻyicha 6 ming 606 kishi ofat qurboni boʻldi, shulardan 3 ming 388 oʻlim holati Xitoydan tashqarida qayd etilgan.
Koronavirusga chalinish holati eng koʻp Xitoy ( 80,8 mingdan koʻp)da tarqalgan boʻlishiga qaramay, hozir bu mamlakatda ahvol yaxshi tomonga oʻzgargan. Koronavirus yuqtirish holatlari kundan-kunga kamaymoqda. Janubiy Koreya va Yaponiya ham infeksiya tarqalishini nazorat ostiga olgani sabab, ushbu mamlakatlarda ham virus yuqtirish holatlari tobora kamaymoqda.
Asrimiz globalizatsiya asri, mamlakatlar, xalqlar, mintaqalar oʻrtasidagi iqtisodiy, ijtimoiy aloqalar yuqori surʼatda kengaymoqda. Dunyoning u nuqtasidan bu nuqtasigacha bir necha soatlik yoʻl boʻlib qoldi. Odamlar, tovar va mahsulotlar, gʻoyalar jadal surʼatlarda harakatlanmoqda. Dunyoning bir nuqtasida paydo boʻlgan texnologik yangilik, ertaga dunyoning boshqa bir nuqtasida hayotga joriy qilinayotgani hozir hech kimni hayratga solmaydi. Zero, bir mamlakatning iqtisodiyotini jahon iqtisodiyotidan ayro tushunib ham, qabul qilib ham boʻlmaydi. Taassufki, bu faqat insoniyatning ilmiy-madaniy, gumanitar yutuqlariga emas, balki tabiiy ofatlarga, kasalliklar va boshqa muammolarga ham tegishlidir.
Ikki oy oldin Xitoyning dunyo ahli hali unchalik tanimaydigan Uxan shahrida paydo boʻlgan nomaʼlum virusning bugunga kelib 150 dan ortiq mamlakatga tarqalgani ushbu fikrimizni yana bir bor tasdiqlab turibdi. JST maʼlumotlariga eʼtibor qarating: Italiyada hozirgacha koronavirusga chalinganlar 27,9 mingdan koʻp qayd etildi. Bu koʻrsatkich Eronda 14,9, Ispaniyada 9,9, Janubiy Koreyada 8,3, Germaniyada 7,2, Fransiyada 6,6, AQSHda 4,7, Shveysariyada 2,3 va Buyuk Britaniyada 1,5 mingdan koʻp qayd etilgan.
Bu borada MDHga aʼzo mamlakatlarda ham ahvol yaxshi emas.
Tojikistonning “Xovar” axborot agentligi tarqatgan xabarda aytilishicha, 17-mart holatida COVID-19 infeksiyasiga chalinganlar Rossiyada 93 kishini tashkil etdi. Bu koʻrsatkich Armanistonda 52, Belarusda 36, Moldovada 29, Ozarbayjonda 25 va Ukrainada 7 kishiga yetgan.
Qirgʻiziston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Altinay Omurbekovaning maʼlum qilishicha, mamlakatda epidemiologik vaziyat barqaror, mamlakatda COVID-19 infeksiyasi bilan kasallanganlar yoʻq. Tojikiston va Turkmanistonda ham koronavirusga chalinganlar qayd etilmagan. Ammo Qozogʻistonda ahvol biroz xavotirli. Kuni kecha mamlakatning Axborot va jamoatchilik rivojlanishi vazirligi ommaviy axborot vositalarini favqulodda vaziyat sharoitida yolgʻon xabarlarni tarqatmaslik boʻyicha masʼuliyatni kuchaytirish haqida eslatdi. Oʻtgan yakshanba kuni Qozogʻiston Respublikasi prezidenti K.Tokayev tomonidan oʻtgan hafta mamlakatda favqulodda holat eʼlon qilingan edi.
“Kazinform” axborot agentligining maʼlum qilishicha, kuni kecha Nur-Sultan shahrida yana 14 kishida koronavirus borligi qayd etildi. Ertalab Almati shahrida ham uch kishi koronavirus yuqtirib olgani maʼlum boʻldi. Hozirgacha Qozogʻistonda jami 27 kishi koronavirusga chalingani tasdiqlandi.
Qoʻshni Afgʻonistonda koronavirusga chalinganlar soni 21 kishini tashkil etdi.
Oʻzbekiston xalqaro hamjamiyatning ajralmas qismi hisoblanadi. Hozirda mamlakatimiz qoʻshni davlatlar, dunyoning iqtisodiy yuqori rivojlangan mamlakatlari bilan aloqalarni tobora kengaytirmoqda. Mamlakatimizda jahonning yirik kompaniyalari, korporatsiyalari, xalqaro moliya muassasalari investitsiyaviy loyihalarini amalga oshirmoqda. Oʻzbekiston havo yoʻllari samolyotlari dunyoning toʻrt tomoniga parvoz qilib turibdi, temiryoʻl aloqalari davom etmoqda. Fuqarolarimiz jahonning istalgan mamlakatiga borib kelmoqda, farzandlarimiz nufuzli oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olib qaytmoqda. Bunday sharoitda, qanchalik ehtiyot choralari koʻrilmasin, aholi ehtiyotkorlikka chaqirilmasin, soʻnggi voqealar hech bir mamlakat virus tarqalishidan kafolatlanmagani yana bir bor oʻz isbotini topdi.
2020-yil 15-mart, yakshanba kuni soat 06:00 da Respublika Virusologiya instituti laboratoriyasida Fransiyada boʻlib qaytgan bir nafar Oʻzbekiston fuqarosida COVID-19 koronavirus infeksiyasi aniqlangani haqida xabar berildi.
Shu kuni Respublikamiz Bosh vaziri ishtirokidagi koronavirusga bagʻishlangan brifing boʻlib oʻtdi.
Vaziyatni nazorat qilish, koronavirus infeksiyasi kirib kelishining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish maqsadida mamlakat miqyosida tegishli zarur choralar koʻrilishi eʼlon qilindi. Jumladan, bozorlarda narx-navoni asossiz oshirish holatlariga qarshi keskin choralar koʻrilishi, vaziyatdan foydalanib qolishga uringan tadbirkorlarning “boyishi”ga yoʻl qoʻyilmasligi aytildi. Buning uchun tegishli mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga alohida topshiriqlar berildi. Jarayonga Bosh prokuratura huzuridagi departament, Davlat soliq qoʻmitasi jalb qilinadigan boʻldi. Brifingda taʼkidlanganidek, mamlakatimizda oziq-ovqat va boshqa zaxiralar yetarli darajada gʻamlangan.
“Hozirda epidemiologik surishtiruv hamda kasallikning tarqalib ketmasligi uchun profilaktik chora-tadbirlar toʻliq amalga oshirilmoqda”, deyiladi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi axborotida.
Shukrona qilib aytishimiz kerakki, Oʻzbekiston oziq-ovqat mahsuloti bilan oʻzini-oʻzini taʼminlay oladigan dunyodagi sanoqli davlatlardan biri. Shu bois, bu masalada hech qanday muammo boʻlmasligiga xalqimizning ishonchi komil. Zero, hukumat tomonidan bunday vaziyat doimiy nazoratga olib boriladi. Nafaqat Toshkentda, balki hududlardagi birorta bozor, birorta savdo doʻkoni, birorta ovqatlanish shoxobchasi yopilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Bozorlarimiz azal-azaldan toʻkin-sochin boʻlib kelgan va bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi.
“Oʻzbekoziqovqatxolding” kompaniyasi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, mamlakatimiz oziq-ovqat sanoatida 12 mingdan ziyod korxona ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. Ayni paytda ushbu korxonalar oʻz rejimida ishlamoqda. Korxonalarning aksariyatida ish 1 smenada tashkil etilgan va quvvatlarning 70 foizidan foydalanilmoqda. Ularda yana qoʻshimcha 30 foiz quvvatni ishga solish va ishni 2 smenada yoʻlga qoʻyish imkoniyati mavjud. Qolaversa, mamlakatimizda 98 foiz oziq-ovqat mahsulotlari mahalliylashtirilgan. Deyarli barcha xomashyo yurtimizda yetishtiriladi.
Ayni paytda yurtimizda ommaviy tadbirlar, Navroʻz ayyomi bilan bogʻliq bayram tantanalari, xalq sayllari bekor qilindi, oliy va oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilariga taʼtil berildi. Talabalarning uylariga qaytishi uchun viloyatlarga avtobuslar, qoʻshimcha poyezdlar tashkil etilmoqda. Uzbekistan Airways dunyodagi mavjud vaziyat hamda hukumatimizning parvozlarni cheklash choralari haqidagi qaroridan kelib chiqqan holda, mart-aprel oylarida amaldagi parvozlar jadvaliga vaqtinchalik oʻzgartirishlar kiritdi.
Respublikamizda kasallikning tarqalib ketishining oldini olish boʻyicha hukumat darajasida zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Bu borada Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov jumladan shunday dedi:
Barcha viloyatlarda yuqori kompitensiyaga ega, yaʼni oʻqitilgan mutaxassislarimiz bor. Bundan tashqari, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining viloyatlarda koronavirus tarqalishi epidemiyasiga qanday chek qoʻyish kerakligini biladigan mutaxassislari bor. Butunjahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan birgalikda biz tayyorgarlik jarayonlarini oʻrganib chiqdik hamda mutaxassislarimizni oʻqitib, tayyorladik. Shuningdek, viloyatlardagi har bitta shifoxonalarda dezinfeksiya, individual himoya vositalari va dori-darmonlar zaxirasi yaratilgan hamda puxta tayyorgarlik koʻrilgan.
Bunday paytlarda har bir xalqning hamjihatligi, milliy birligi, vatanparvarligi sinovdan oʻtadi. Binobarin, xalqimiz uchun oʻziga xos boʻlgan ogʻir-vazminlik, birning muammosini el muammosi deb qabul qilish, sinovlarda birlashish kabi azaliy qadriyatlarni koʻrsatish vaqti keldi.