Epchillik va mahorat bahsi
Toshkentda stol tennisi bo‘yicha “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi kubogi uchun XII respublika turniri tashkil etildi.
Toshkentda stol tennisi bo‘yicha “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi kubogi uchun XII respublika turniri tashkil etildi.O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari, Xalq ta’limi vazirliklari, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Stol tennisi federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada yurtimizning barcha hududidan o‘n ikki yoshgacha bo‘lgan 56 o‘g‘il-qiz ishtirok etmoqda.
Musobaqaning ochilishida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi S.Inomova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida barkamol avlodni voyaga yetkazishning muhim vositasi sifatida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.
Har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashda jismoniy tarbiya va sportning o‘rni beqiyos. Mamlakatimizda tashkil etilayotgan turli musobaqalar yoshlar o‘rtasida sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishda muhim omil bo‘lmoqda.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi kubogi an’anaviy turniri ham ana shu maqsadga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda yurtimizda stol tennisi bilan o‘n to‘rt mingdan ziyod o‘g‘il-qiz muntazam shug‘ullanmoqda.
– Stol tennisi bilan to‘rt yildan buyon shug‘ullanaman, – deydi andijonlik Gulchiroy Turg‘unova. – Viloyatimizda stol tennisiga qiziquvchi yoshlar juda ko‘p. Darsdan so‘ng tengdoshlarim bilan shahrimizdagi “Barkamol avlod” bolalar markazining stol tennisi to‘garagiga qatnaymiz.
Sport maktablari tarbiyalanuvchilarining chiqishlari ishtirokchilarni mamnun etdi.