Eng yaxshi tarbiyachilar taqdirlandi
Andijonda “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” an’anaviy respublika ko‘rik-tanlovi viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir ochilishida viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Shukurov va boshqalar maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanayotgan yosh avlodni bilimli, salohiyatli va barkamol voyaga yetkazishda tarbiyachining o‘rni va roli, mas’uliyati nihoyatda muhim ekanligi, ushbu tanlov tarbiyachilarning kasbiy bilim, malaka va tajribalarini boyitishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ish olib borayotgan yuqori malakali tarbiyachilarni aniqlash, ularning pedagogik mahorati va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, kasbiy faoliyatida kreativlik va sog‘lom raqobat muhitini yaratish, ilg‘or ish tajriba va uslublarini ommalashtirish maqsadida o‘tkazilgan tanlovning quyi bosqichlarida 1 ming 920 nafar tarbiyachi ishtirok etdi.

Tanlovning viloyat bosqichida 8 ta nominatsiya bo‘yicha tuman, shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 100 nafardan ziyod ilg‘or, faol va namunali tarbiyachilarning taqdimotlari, ish hujjatlari hakamlar tomonidan belgilangan shart va mezonlar asosida ko‘rib chiqildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Eng namunali tarbiyachi”, “Eng yaxshi o‘yin orqali ta’lim beruvchi tarbiyachi”, “Eng yaxshi ijodkor-ixtirochi tarbiyachi”, “Raqamli va innovatsion yondashuvlarni amaliyotga joriy etuvchi tarbiyachi” singar 8 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.

Barcha nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan diplom, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.