Eng yaxshi soliq bilimdonlari aniqlanmoqda
Surxondaryo viloyatida “Soliq bilimlari – yosh avlodga” ko‘rik-tanlovining tuman va shahar bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
Mamlakatimizda yoshlar ongu shuurida soliqlar haqidagi bilim va tushunchalarni mustahkamlab, ularda qonunga hurmat va fuqarolik mas’uliyatini shakllantirish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotir. Umumta’lim maktablarining 5-11 sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan “Soliq bilimlari – yosh avlodga” nomli ko‘rik-tanlov ham ana shunday maqsadga xizmat qilib, yosh avlodning soliq qonunchiligiga oid bilimlarini yuksaltirishga hissa qo‘shmoqda.

Tanlov shartlariga ko‘ra, ishtirokchi o‘quvchilar soliq mavzusini turli ijodiy yo‘nalishlarda yoritishi, o‘zlari tayyorlagan rang-barang suratlar, insholar hamda zamonaviy axborot texnologiyalari asosida yaratilgan videorolik va relslar orqali bu boradagi qarashlarini keng ifoda etishi lozim.
Mazkur talablar yoshlarning bolalikdan soliq madaniyatini o‘zlashtirishi, qonunlarga hurmat ruhida tarbiya topishi va kelgusida mas’uliyatli, ongli soliq to‘lovchi bo‘lib shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Ko‘rik-tanlovning Boysun tumani bosqichida ham o‘quvchilar o‘z ijodiy ishlari orqali davlat byudjeti, soliqlar va ularning jamiyat rivojidagi o‘rni haqidagi bilim hamda tushunchalarini namoyish etdi.

Hakamlar hay’ati ishtirokchilarning mavzuga oid bilimlari, ijodiy yondashuvi, fikrlash mahorati va zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish darajasini munosib baholadi.
Tanlovning “Eng yaxshi rasm” yo‘nalishida 1-maktab o‘quvchisi Samira Izzatullayeva, “Eng yaxshi insho” nominatsiyasida ham shu maktab o‘quvchisi Osiyo Akbarova, “Eng yaxshi videorolik-rels” yo‘nalishida 33-maktab o‘quvchisi Dilbahor Xayrulleva faxrli birinchi o‘rinni egallab, viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi.


G‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri