Eng yaxshi loyihalar qo‘llab-quvvatlanadi
Andijonda “O‘zbekistonda tadbirkor ayollar va yosh xotin-qizlar uchun mentoring(ustozlik) dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish” xalqaro loyihasi doirasida seminar-trening o‘tkazildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi doirasida “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tomonidan amalga oshirilgan mazkur loyihaga Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida istiqomat qilayotgan tadbirkor ayollar jalb etilgan.
– Bir necha bosqichda amalga oshirilgan ushbu loyiha Finlyandiya hukumati tomonidan moliyalashtirildi, – deydi “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi matbuot xizmati rahbari Zamiraxon Muqodirova. – Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, bu borada samarali ish olib boruvchi mutaxassislar tayyorlash, ularni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, hududlarda xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish, aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan ishlar samaradorligini oshirishga qo‘maklashishdir.
Loyihaning dastlabki bosqichida BMT Taraqqiyot dasturi ekspertlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida eksport qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun eng maqbul bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari aniqlandi. Ya’ni quritilgan meva va yong‘oq aralashmasi, quritilgan meva va yong‘oqdan tayyorlanadigan sneklar, quritilgan sabzavotlar, yong‘oq va yeryong‘oq pastasi, mosh, murabbo va mevadan tayyorlangan qiyom ana shunday mahsulot sifatida belgilab olindi.
Avvalgi bosqichlarda tajribali biznes-kouchlar tomonidan o‘tkazilgan nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda ishtirokchilarga tadbirkorlikning huquqiy asoslari, bozor munosabatlari sharoitida ishlash, marketing tadqiqotlari o‘tkazish, hisob-kitoblarni yuritish, biznesni moliyalashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha bilimlar, keng ma’lumot va tushunchalar berildi.
[gallery-8844]
O‘tkazilgan yakuniy seminar-treningda esa loyihaning avvalgi bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan, tadbirkorlik sohasida muayyan tajribaga ega, jamoa bo‘lib ishlash, qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarish sohalarida samarali faoliyat olib borish, shuningdek, tanlab olingan mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksportini yo‘lga qo‘yish salohiyatiga ega ishbilarmon ayollar qatnashib, o‘zlarining biznes-loyihalari taqdimotini o‘tkazdi.
– Seminar-treningda mosh yetishtirish va uni qayta ishlash bo‘yicha biznes-loyihamni taqdim etdim, – deydi Izboskan tumani Zarbdor mahallasida yashovchi tadbirkor Muqaddasxon Sodiqova. – Men rahbarlik qilayotgan dehqon xo‘jaligiga 5 gektar yer ajratilgan. Ana shu yerdan yanada samarali foydalanish hisobiga moshdan yuqori hosil olish, una qayta ishlab eksport qilish, yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan loyihamga mutaxassislar tomonidan qiziqish bildirildi. Nasib etib loyiham qo‘llab-quvvatlansa belgilangan yo‘nalishlarda yuqori natijalarga erishish bo‘yicha aniq hisob-kitoblarim bor.
Umuman, mazkur loyiha "Ustoz-shogird", ya’ni “Mentor va menti” o‘quv zanjirini yaratishga, samarali ish olib borayotgan qishloq ayollarining moliyaviy va huquqiy savodxonligini oshirish, startaplarini qo‘llab-quvvatlash va ularning biznes tashabbuslarini rag‘batlantirishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Loyiha yakunida har bir hududdan eng yaxshi deb topilgan uchta biznes-loyiha tanlab olinadi hamda hamkorlar tomonidan texnik va moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi.
F. UBAYDULLAEV Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA