Eng yaxshi loyihalar g‘olib bo‘ldi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi tomonidan davlat grantlari bo‘yicha e’lon qilingan oltinchi va yettinchi tanlovlarning g‘oliblariga sertifikatlar topshirildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi huzuridagi Jamoat fondi tomonidan shu yilning 21 sentyabridan 21 oktyabriga qadar muddat oralig‘ida davlat granti bo‘yicha e’lon qilingan oltinchi va yettinchi tanlovlarga jami 15 ta loyiha kelib tushdi. Loyihalar Ijtimoiy sheriklik bo‘yicha jamoat komissiyasining a’zolari tomonidan qarab chiqilib, ularning mazmuni, asosiy maqsadlari, amalga oshirish mexanizmlari va kutilayotgan natijalari muhokama qilingan edi.

Ulardan “Orol baliqchisi” gazetasi tahririyatining “Sof tanada – sof aql!”, O‘zbekiston “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining “G‘amxo‘rlik”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Kӯngil nuri” xotin-qizlar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy qo‘llab-quvvatlash markazining “Oila byudjetini shakllantirishda xotin-qizlarning roli”, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining “Bizning imkoniyatimiz cheksiz!” nomli loyihalari g‘olib deb topildi.
Tadbirda tanlovlar g‘oliblariga sertifikatlar topshirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA