Eng yaxshi fransuz tili o‘qituvchisi
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 62-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining fransuz tili fani o‘qituvchisi Umriniso Muhiddinova Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan “Eng yaxshi fransuz tili o‘qituvchisi” respublika tanlovi g‘olibi bo‘ldi.
Bu natija muallimaga iyul oyida 2 hafta davomida Fransiya davlatining Grenobl shahrida amaliyot o‘tash imkonini berdi. Xalqaro S1 darajasidagi sertifikatga ega birinchi toifali o‘qituvchi Umriniso Muhiddinova 14 yillik pedagogik faoliyati davomida maktablarda fransuz tilini o‘qitish sifatini oshirish borasida samarali ishlarni amalga oshirmoqda. “Fransuz tili fanidan interaktiv darslar uchun uslubiy ishlanma”, “Fransuz tili fanidan o‘quv-uslubiy qo‘llanma”, “Fransuz tili fanidan to‘garak mashg‘ulotlari uchun uslubiy ishlanma” kabi o‘quv metodik qo‘llanmalar muallifi, “Yilning eng yaxshi chet tili o‘qituvchisi” tanlovining respublika bosqichi g‘olibi, ko‘plab xalqaro va respublika konferensiyalarining faol ishtirokchisi. O‘ndan ziyod metodik maqolalari respublika nashrlarida e’lon qilingan.
Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan 2020 yilda tashkil etilgan insholar tanlovida “Ingliz tili o‘rganilayotgan davrda fransuz tilining jamiyatdagi o‘rni va roli” mavzusidagi inshosi bilan ishtirok etib, g‘oliblar qatoridan joy oldi. Muallimaning o‘quvchilari ham har yili bo‘lib o‘tadigan fan olimpiadalari va turli ko‘rik-tanlovlarning viloyat va respublika bosqichlarida faol ishtirok etib, yuqori natijalarni qayd etib kelmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA