“Eng yaxshi fotosurat” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
Toshkent Fotosuratlar uyida “Eng yaxshi fotosurat” respublika ijodiy tanlovi yakunlariga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma ochilishi hamda g‘oliblarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Mamlakatimizda foto san’atini rivojlantirish, milliy qadriyatlar va ma’naviy merosni targ‘ib etishga qaratilgan mazkur loyiha fotosuratchilar, san’atshunoslar, madaniyat va ommaviy axborot vositalari vakillarini bir maydonga jamladi.
Tanlov O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Toshkent Fotosuratlar uyi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Jurnalistlar uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi, Kinematografiya agentligi hamda Milliy teleradiokompaniya hamkorligida tashkil etildi. Loyiha milliy bayramlar, xalq an’analari, oilaviy qadriyatlar, tinchlik va totuvlik muhitini foto san’ati vositasida keng targ‘ib qilish, shuningdek, ijodkorlarning badiiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadiga qaratilgan.
[gallery-29767]
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan professional fotosuratchilar, mustaqil ijodkorlar hamda foto san’atiga qiziquvchi yoshlar tanlovga o‘z ijodiy ishini taqdim etdi. 23 nafar muallifning 164 ta fotoasari tanlov nizomida belgilangan talablar asosida baholanib, unda mavzuning badiiy va mazmunan ochib berilishi, kompozitsion yechimi, ijodiy yondashuvi hamda texnik mahoratiga alohida e’tibor qaratildi.
Fotoko‘rgazma ekspozitsiyasidan o‘rin olgan asarlarda milliy bayramlarimizning o‘ziga xosligi, xalqimizning boy urf-odat va an’analari, mehr-oqibat va hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlar o‘z aksini topgan. Shuningdek, suratlarda turli avlod vakillarining hayot tarzi, yoshlar tarbiyasi, mehnatkash insonlar faoliyati hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi badiiy talqin etilgan.
Ko‘rgazma ishtirokchilari va mehmonlari fotoasarlar orqali mamlakatimizning zamonaviy qiyofasi, tinch va osoyishta hayoti, xalqimizning bayramlarga bo‘lgan yuksak ehtiromi hamda milliy madaniyatimizning boyligi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Tadbirning eng muhim qismi – taqdirlash marosimida hakamlar hay’ati tomonidan eng munosib topilgan ijodkorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.
Birinchi o‘rin Zafar Ro‘ziqulovga, ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Vladimir Goncharenko va Maqcad Habibullayevga nasib etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda foto san’atini rivojlantirish, iste’dodli ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda yosh avlodning estetik didi va ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirishda bunday loyihalarning ahamiyati beqiyosligini ta’kidladi. Foto san’ati nafaqat voqelikni aks ettiruvchi vosita, balki milliy o‘zlikni anglash, madaniy merosni asrab-avaylash va uni kelajak avlodlarga yetkazishning muhim ijodiy yo‘nalishlaridan biri ekani qayd etildi.
“Eng yaxshi fotosurat” respublika ijodiy tanlovi mamlakatimiz fotosuratchilarining ijodiy salohiyatini namoyon etish, ular o‘rtasida sog‘lom ijodiy raqobat muhitini shakllantirish va foto san’atining jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qildi. Shu bilan birga, loyiha Yangi O‘zbekistonning madaniy hayotidagi muhim voqealardan biri sifatida foto san’atining tarbiyaviy, ma’rifiy va estetik imkoniyatlarini yana bir bor namoyon etdi.
Kamola Yusupova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA