Eng namunali harbiylar oilasi
Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida “Namunali harbiylar oilasi” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda to‘qqizta oila uchta shart bo‘yicha o‘zaro bahslashdi. Ishtirokchilarning chiqishlari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi mas’ul mutaxassislaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan baholab borildi.
Tanlovda harbiylarning farzandlari faol ishtirok etdi.
– Bellashuvlarni tomosha qila turib ota-ona uchun farzand kamolini ko‘rish qanchalar yoqimli ekanini yana bir bor his qildim, – deydi hakamlar hay’ati a’zosi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim boshlig‘i Mahfirat Zokirova.

– Oila – farzand bilan to‘kis, farzand bilan – mustahkam. Ular tufayli hayotga, yashashga bo‘lgan qiziqishimiz hech qachon so‘nmaydi. Quvonarlisi, hayotimiz mazmuni bo‘lgan o‘g‘il-qizlarimiz bugungi tanlovning yanada qiziqarli o‘tishini ta’minladi.
Men harbiylarning oilasida ulg‘ayayotgan shunday tarbiyali, ma’rifatli, zukko bu bolajonlarga qarab havasim keldi. Yurtimizda mana shunday farzandlar kamol topishini, ibratli oilalar, uddaburon oila sohiblari ko‘payishini chin dildan istaymiz.
Bellashuvda oilalar o‘z chiqishlari orqali milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz va o‘zbekona mehr-oqibatni ko‘rsatib berdi. Tanlovning yakuniy natijalarga ko‘ra, faxrli birinchi o‘rinni III darajali serjant Bahrom Amonov oilasi egalladi. Ikkinchi o‘ringa podpolkovnik G‘ofurjon Urazbayev oilasi loyiq topilgan bo‘lsa, uchinchi o‘rinni podpolkovnik Ma’sudjon Ro‘ziyevlar oilasi qo‘lga kiritdi.
A.Musayev, O‘zA