Eng mustahkam ot egarlari
Novqa mamlakatimizning eng qadimiy maskanlaridan biri.
Jizzax viloyati Baxmal tumanining Novqa qishlog‘ida milliy hunarmandchiligimizning eng noyob turlaridan bo‘lgan uloqchi otlarga egar yasash bilan shug‘ullanadigan ustalar yashaydi. Qishloq ustalari tomonidan yasalgan egarlar nafaqat mamlakatimizda, qo‘shni Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston Respublikalarining chavandozlari orasida ham mashhur.
Novqa mamlakatimizning eng qadimiy maskanlaridan biri. O‘zbekiston fanlar akademiyasining Yahyo G‘ulomov nomli arxeologiya instituti tomonidan o‘tkazilgan qidiruv ishlari natijasida bu yerda Sug‘ddan Shoshga o‘tadigan yozgi karvon yo‘li bo‘yida Nauqat deb atalgan shahar joylashgani, u mo‘g‘ullar bosqini davrida buzilib ketgani to‘g‘risida ilmiy taxminlar qilingan. Bu yerdagi Novqa ota tarixiy yodgorligi, qabr toshlaridan yozuvlar, boshqa arxeologik topilmalar bu taxminning haqiqatga yaqin ekannini ko‘rsatadi.
Novqada uy ro‘zg‘or buyumlari, ot afzallari, egar, yugan, o‘zangi, pichoqchilik kabi qadim hunarmandchiligi xalqimiz madaniyatining yodgorligi sifatida avloddan avlodga o‘tib yashab kelayotgani ham qishloq tarixining olis o‘tmishidan guvohlik beradi. Ayniqsa, egarchilik xalqimizning qadimdan qadrini yo‘qotmay yashab kelayotgan hunarmandchilikning noyob turlaridan biri.
Bu hunarmandchilikning noyobligi shundaki, otbozlar, chavandozlar orasida “qizil egar” deb ataladigan egar turi faqat Novqa ustalari tomonidan yasaladi. Bu hunar ko‘pkari o‘yini, shaxsiy xo‘jaliklarda ot saqlash hukumat tomonidan taqiqlangan o‘tgan asrda yo‘qolib ketmagan. O‘sha davrlarda ham ko‘pkari o‘tkazilgan, Novqa egarchilari otameros kasbini davom ettirishgan.
Mustaqillik yillarida qadim xalq o‘yini ko‘pkarining qayta tiklanib, sport turi sifatida rasmiy ro‘yxatlarga kiritilishi Novqa egarchiligining bardavomligini saqlab qoldi. Hozir qishloqda o‘nga yaqin oilaviy ustalar sulolasi bu qadim hunarmandchilikni davom ettirib kelayotir.
Mirzabek Bozorboyev ota kasbini davom ettirib kelayotgan ustalardan biri. Hozir u bu kasb sirlarini o‘zining oilasidagi, qishlog‘idagi o‘ndan ziyod yoshlarga o‘rgatayotir.
– Egarchilik oilamizga otameros kasb, – deydi Mirzabek. – Men bu hunarni akam usta Nazarbekdan o‘rganganman. Mustaqil ishlayotganimga ham o‘n yil bo‘ldi. Hozir oilada besh o‘g‘il shu kasb bilan shug‘ullanamiz. Bundan tashqari, qishloq yoshlaridan besh nafar shogirdim bor. Egarchilik bozorgir, serdaromad ish emas. Buyurtma bo‘lsa ishlaymiz. Egar mustahkam yasalgani uchun bir odam bitta olgan egardan umrbod foydalanishi mumkin. Ammo har bir otning gavda tuzilishiga mos bo‘lishi uchun ko‘pchilik otni yangilaganda, yangi egar ham oladi.
Novqa egarlarining mashhurligi – mustahkamligida. Ko‘pkarida ot yiqilib, egar tagida qolsa ham sinmas ekan. Oddiy toldan yasalgan egarning bunchalik mustahkam bo‘lishining sababi yog‘och qismi tayyor bo‘lgach, ustiga molning payi maxsus yelim bilan yopishtirib chiqiladi. So‘ngra payning usti qayin po‘stlog‘i bilan qoplanib, qizil bo‘yoq berilgani uchun «qizil egar» deb ataladi. Bu ko‘p vaqt va qunt talab qiladigan ish. Bitta egar yasashga bir oygacha vaqt ketadi. Har bir egar alohida buyurtma bilan yasaladi.
Egarchilikdan gap ketsa, novqaliklardan o‘tgan asrning birinchi yarmida yashab o‘tgan usta Kenja va uning bu kasbni chinakam takomiliga yetkazgani haqida qiziq ma’lumotlarni eshitish mumkin.
Usta Kenja o‘n to‘qqizinchi asrning ikkinchi yarmi yigirmanchi asrning birinchi yarmida yashagan Novqadagi eng mohir usta bo‘lgan. Qishloqda u odamni ko‘rgan-bilgan odamlarning aytishlaricha, Turkiston general gubernatori tomonidan Peterburgga jo‘natilgan sovg‘alar orasida novqalik usta Kenja yasagan qizil egar ham bo‘lgan ekan. Keyinchalik u Tretyakov galereyasiga qo‘yilgan deyishadi. Yana Qo‘qon xoni ham novqalik ustalarga egar buyurtma qilganini ham aytishadi.
Ustaning o‘g‘li Musulmonqul Kenjayev ham dong‘i ketgan usta bo‘lgan. Hozir bu egarchilar oilaviy an’anasining usta Musulmonqulning o‘g‘illari, nabiralari davom ettirayotir.
– Otam bu kasbni qilib o‘tgan o‘ntadan ziyod ajdodlarimizni eslaguvchi edi, – deydi usta Kenjaning nabiralaridan biri usta Nurmat. – Mana, farzandlarimiz sulolamiz an’anasini davom ettirayotir. O‘g‘lim Elmurod yosh bo‘lsa ham katta ustalardan biri. Bir necha bor respublika, viloyat xunarmandlar tanlovlarida sovrindor bo‘ldi.
Davlatimiz hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlab, ko‘rik-tanlovlarga taklif etayotganidan, ishimizni yuzaga chiqarganidan behad mamnunmiz.
Mamlakatimizda hunarmandchilikni rivojlantirishga berilayotgan e’tibor, o‘zini o‘zi ish bilan band qilgan fuqarolarga yaratilayotgan qulayliklar tufayli xalqimizning qadim hunarmandchiligining unutilayozgan qadim turlari yana qayta tiklanayotganligini Novqa qishlog‘i misolida ko‘rish mumkin. Qishloqda egarchilikdan tashqari ot afzallarini yasovchi xonadonlar ham bor. Ikki xonadon temirchilik bilan shug‘ullanadi. Eng muhimi bu qadimiy kasblarni yoshlar ham o‘rganmoqda.
[gallery-821]
T.BEKNAZAROV, J.YORBEKOV (suratlar). O‘zA