Eng mohir merganlar gʻolib boʻldi
Qiziltepa tuman oʻquv-sport texnika klubida pnevmatik quroldan oʻq otish boʻyicha musobaqa oʻtkazildi.
Qiziltepa tuman oʻquv-sport texnika klubida pnevmatik quroldan oʻq otish boʻyicha musobaqa oʻtkazildi. Unda 5, 12, 22, 32- umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 20 nafar oʻquvchilari va harbiy qismda muddatli xizmatni oʻtayotgan askarlardan 10 nafari ishtirok etdi.
Musobaqa avvalida tuman oʻquv-sport texnika klubi boshligʻi K.Hasanov ishtirokchilarga “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirish borasida tashkilotda amalga oshirilayotgan ishlar, bu ishlardan koʻzlangan maqsad, sportning texnik va amaliy turlarining ahamiyati haqida maʼlumot berdi.
Prezidentimizning “Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish va Oʻzbekiston Yoshlar Ittifoqi faoliyatini qoʻllab quvvatlash toʻgʻrisida”gi farmoni hamda 2018-yil 12-dekabrdagi “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlash tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mazmun-mohiyati haqida maʼruzalar tinglandi.
Musobaqa davomida Ona-Vatan oldidagi oʻz sharafli burchini ado etayotgan muddatli harbiy xizmat askarlari yoshlarga safda harakatlanish, safda turish, harbiy topshiriqlarga javob berish va harbiy quroldan foydalanish boʻyicha oʻz mahoratini namoyish etdi.
30 nafar ishtirokchi oʻzaro bahslashgan musobaqa yakunida faxrli 1-oʻrinni yigitlar oʻrtasida 22-umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchisi D. Rahmatullayev, 2-oʻrinni 32- umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchisi A. Nodirov, 3-oʻrinni 12- umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchisi M.Raximov egalladi.
Qizlar oʻrtasida faxrli 1-oʻrinni 22-umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchisi S.Ataqulova, 2-oʻrinni 22- umumiy oʻrta taʼlim maktab oʻquvchisi D. Ziyodullayeva, 3-oʻrinni 32- umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchisi G.Sirojeva egalladi.
Musobaqada harbiy qism askarlari ham oʻz mahoratini sinab koʻrdi va faxrli 1-oʻrinni S.Mamasoliyev, 2-oʻrinni A. Yusupov, 3-oʻrinni D. Ulugʻmurodov egalladi.
Musobaqa gʻolib va sovrindorlariga Qiziltepa tuman oʻquv-sport texnika klubi tomonidan esdalik sovgʻalari va faxriy yorliqlar topshirildi.