Eng katta baxtimiz – iymon-e’tiqodli xalqimizdir!
Mamlakatimiz mustaqillikning 30 yilini ortda qoldirdi. Bosib o‘tilgan yillarda har bir sohada ulkan o‘zgarishlar, tarixiy, unutilmas voqealarga asos solindi.
Eng avvalo, ma’naviy hayotimizda uyg‘onish yuz berdi, tarixni tikladik, ona tilimizning mavqeini ko‘tardik, ulug‘ bobolarimiz ruhini shod etdik. Udumlarimiz, qadriyatlarimizga qaytdik. Musulmonlarning eng ulug‘ ayyomlari - Ramazon, Qurbon hayitlarini nafaqat emin-erkin, balki Prezident farmon-qarorlariga asosan katta tantana, shodiyona tarzda nishonlash baxtiga muyassar bo‘ldik. Dinga munosabatimiz o‘zgardi. Tushunmovchiliklar, qarama-qarshiliklar yo‘qoldi, buning o‘rnini hamkorlik, hamjihatlik egalladi.
Aslida azaldan qadimiy Movarounnahr va Xuroson farzandlarining yuksak aqlu zakovati jahonni lol qoldirib kelgan. Ularning dunyo ilmu ziyosi tarixiga zarvaraqlar ila bitilgan asarlari oz emas. Imom at-Termiziy , Imom Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Muso Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Rudakiy, Ulug‘bek, Jomiy, Navoiy, Bobur, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat va boshqa yuzlab ulug‘ zotlarni jahon yaxshi biladi. Bu zakiylar silsilasida qanday bebaho meros mavjudligini so‘z bilan ifodalash mushkul, albatta.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik faoliyatining dastlabki kunlaridanoq mamlakatimizda ijtimoiy-ma’naviy sohani yanada rivojlantirish, oilalar, mahallalar, butun jamiyatda sog‘lom muhitni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasi, tinch-osuda hayotni, muqaddas dinimiz pokligini asrashda yaqin yordamchi sifatida diniy soha vakillariga alohida e’tibor qaratdi. Bugunga kelib yangidan barpo etilayotgan masjidlar, ulug‘ ajdodlarimiz nomidagi majmualar, ochilayotgan diniy ta’lim muassasalari, sohada xalqaro hamkorlik rivojlanib, chet ellik taniqli ulamolarning diyorimizga tashrif buyurayotgani, nufuzli tashkilotlar bilan aloqalar o‘rnatilayotgani yurtdoshlarimizga cheksiz quvonch, g‘urur-iftixor bag‘ishlamoqda.
Amalga oshirilayotgan ishlarning mazmuni, ulardan ko‘zlangan muddaolar ezgu maqsadlarga hamohang. Aynan Prezidentimiz tashabbusi bilan Buxorodagi Mir Arab madrasasiga oliy maqom berilishida katta ma’no bor. Zero, ushbu ta’lim dargohi besh yuz yil avval ana shunday yuksak maqomda tashkil etilgandi. Yillar davomida bu yerda yuzlab olimu ulamolar kamolga yetgan. Biroq o‘tgan asrdagi e’tiborsizlik oqibatida muassasa o‘z mavqeini yo‘qotgandi. Davlatimiz rahbari tomonidan madrasaga oliy maqom berilishi yana bu yerdan allomalar, mutafakkirlar yetishib chiqishiga umid uyg‘otadi.
Yurtimizda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy nomlaridagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yildiki, bu ezgu ishlaridan maqsad dunyo tamadduni beshiklaridan biri bo‘lgan O‘zbekistonning tarixiy yuksak maqomini qayta tiklash, Vatanimizni ilm-fan markazlaridan biriga aylantirish, shu orqali diyorimizda navbatdagi Renessansni - uyg‘onish davrini yuzaga keltirish, xalqimizni yanada ma’rifatli, baxtli-saodatli ko‘rishdir.
Buyuk ajdodlarimiz ruhini shod qilib, ularning qadamjolari obod etilayotgani, ilmiy-ma’naviy merosini keng miqyosda o‘rganish, tadqiq va targ‘ib etishga muhim sharoitlar yaratilayotgani hayotimizni milliy qadriyatlar asosiga qurish, yuksak ma’naviyatli avlodni kamolga yetkazish, eng oliy ne’mat — tinchlik-totuvlikni mustahkamlash, dunyoda tobora dolzarb masalaga aylanib borayotgan terrorizm, ekstremizm, aqidaparastlik kabi illatlarga qarshi ma’rifat bilan kurashishga xizmat qilmoqda.
Dunyo ahli bugun insoniyat taraqqiyotida keskin burilishlar ro‘y berayotgan tarixiy bosqichda yashamoqda. Inson ongu qalbi uchun kurash tobora shiddatli tus olyapti. Eng afsuslanarlisi, ko‘plab insonlar umriga zomin bo‘layotgan terrorizm, aqidaparastlikni ayrim g‘arazli kuchlar tomonidan tinchlik va insonparvarlik dini bo‘lgan islomga bog‘lash orqali dunyo musulmonlariga nisbatan salbiy kayfiyatni shakllantirish, islomofobiyani keng yoyishga harakatlar kuzatilmoqda. Bu esa jahonning turli mintaqalarida etno-konfessional ziddiyatlar vujudga kelishi, yangidan-yangi nizo o‘choqlari paydo bo‘lishiga sabab bo‘layotir.
Ana shunday murakkab bir sharoitda Prezidentimiz hatto jahonning eng yuksak minbarlaridan turib, xalqaro terrorizm va ekstremizmning ildizini jaholat va murosasizlik tashkil etishini, shu bois odamlar, birinchi navbatda, yoshlarning ongu tafakkurini ma’rifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifa ekanini ta’kidlab kelyapti. Mazkur yondashuvni xalqaro ekspertlar, dunyo jamoatchiligi yuksak baholayapti.
Jumladan, Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi”, degan so‘zi jahon bo‘ylab keng aks sado berdi. Davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasining “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi qo‘llab-quvvatlandi va qabul qilindi. Bu terrorizm, ekstremizm, zo‘ravonlik, murosasizlik kabi bugungi kunning o‘tkir muammolariga ilm-ma’rifat, o‘zgalarga adolatli va bag‘rikeng yondashuv hamda tinchlikparvar siyosat eng to‘g‘ri yechim ekanini dunyo jamoatchiligi tan olgani va anglayotgani ifodasidir.
Xalqimizning diniy e’tiqodini mustahkamlash va ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-intellektual salohiyatini yanada yuksaltirish maqsadida diniy va dunyoviy bilimlar uyg‘unligi asosida ta’lim sifatini oshirish, diniy-ma’rifiy sohada malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yaxlit tizimi yaratildi. Zamonaviy shart-sharoitlarga ega islom bilim yurtlari bunyod etildi.
Namangan viloyatida birgina “Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurtining 2016 yilda Namangan shahridagi “Oromgoh” dahasidagi yangi binoga ko‘chib o‘tgani, bu yerda talabalarning tafsir, hadis, tajvid, fikh, aqoid ilmlaridan chuqur saboq olishlari, innovatsion ta’lim tizimiga asoslangan holda bilim olishning zamonaviy usullaridan foydalanishlari uchun barcha sharoitlarning yaratilgani tahsinga sazovordir.
O‘zbekiston Islom akademiyasi va Toshkent Islom universiteti negizida O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi tashkil etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida Akademiya tarkibidagi malaka oshirish Markazi hududiy filiallari tashkil etildi. O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi huzurida «Ziyo» media-markazi tashkil etilib, u ajdodlarimizning diniy-ilmiy merosini keng targ‘ib qilish, dinning haqiqiy insonparvarlik maqsadini hamda diniy-ma’rifiy hayotda sodir bo‘layotgan yangiliklardan keng jamoatchilikni xabardor qilib borishni ta’minlovchi asosiy media-tuzilma hisoblanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida «Vaqf» xayriya jamoat fondi tashkil etilgani ham islom ahli hayotidagi ulkan voqea bo‘ldi. Uning asosiy vazifasi masjidlar, ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolar va shu kabi boshqa ob’ektlarning rekonstruksiyasini moliyalashtirish, ularni moddiy-texnik bazasini yaxshilash hamda ushbu soha xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashdan iborat etib belgilandi.
2018 yilning yanvar-aprel oylarida Respublika miqyosida bir necha bosqichdan iborat (tuman, shahar, viloyat, respublika) Qur’oni karim tilovati bo‘yicha qorilar ochiq musobaqasi tashkil etilib, unda 5 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashdi. O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etildi. Viloyatlarda kalom, hadis, fiqh, aqida ilmi va tasavvufni o‘rganishga ixtisoslashgan beshta ilmiy maktab ochildi. Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan O‘zbekistonda Markaziy Osiyo musulmon mutafakkirlarining jahon sivilizatsiyasi rivojidagi roliga bag‘ishlangan 10 dan ortiq kitob va risolalar tayyorlandi. Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Termiziy, Hakim Termiziy va termizlik boshqa olimlarning 20 dan ortiq asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilindi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Nasafiy, Alouddin Usmondiy, Saffar Buxoriy va h.k. kabi ulug‘ allomalar asarlarining aksariyati tarjima qilinib, 50 dan ziyod kitob nashr etildi.
Darhaqiqat, diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar tom ma’noda O‘zbekistonning yangi qiyofasini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, bugun ijobiy o‘zgarishlarni yurtimizdagi har bir inson o‘z taqdiri misolida yaqqol his qilyapti. Bunday ezgu sa’y-harakatlar bardavom ekanligi qalbimizni yanada munavvar etadi.
Musoxon Abbosiddinov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Namangan shahridagi vakili, shahar bosh imom xatibi.
O‘zA.