Eng asosiy maqsad aholi bandligini oshirish
Qaror va ijro
Toshkent viloyati Adliya boshqarmasi tomonidan Parkent tumanida aholiga qulay davlat xizmatlarini ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligi bo‘yicha OAV vakillariga press-tur o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2022 yil 17 martdagi “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy xizmat ko‘rsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoniga muvofiq tizimda yagona boshqaruvni joriy qilish uchun Davlat xizmatlari agentligi va Intellektual mulk agentligi bevosita Adliya vazirligiga, ularning hududiy tuzilmalari esa hududiy adliya organlariga qo‘shildi.
Vazirlik tizimidagi bir-birini takrorlovchi vazifa va funksiyalar qayta ko‘rib chiqilib, qisqartirildi. Toshkent viloyati adliya boshqarmasi tomonidan adliya organlariga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, shu kunga qadar boshqarma va tuman va shahar adliya bo‘limlariga kelib tushgan 4 ming 335 ta murojaatning 3 ming 829 tasi yoki 88,3 foizi hal qilinishi, shu jumladan 2 ming 846 tasi (74,3%) qanoatlantirilishi va 983 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berilishi ta’minlandi.
Xususan, barcha tuman-shahar Davlat xizmatlari markazlari orqali aholiga 348 ming 178 ta davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Shuningdek, 59 ming 322 nafar fuqaro xizmatlardan mustaqil ravishda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz orqali foydalandi. Markazlardan uzoqda joylashgan hududlarda aholining ehtiyojlaridan kelib chiqib, viloyatda Davlat xizmatlari markazining 9 ta filiallari tashkil etilgan. Ular tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar soni hozirgacha 11 ming 105 tani tashkil etmoqda.
Press-tur davomida tumandagi “Bog‘bon” mahallasidagi 100 nafar yoshga bog‘bonchilik va dehqonchilik uchun bo‘lib berilgan foydalanilmayotgan 20 gektar yer maydonida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishildi. Mazkur sa’y-harakatlar Prezidentimizning 2021 yil 23 noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi asosida aholining daromad topishiga qaratilgan tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, agrar sohada o‘z biznesini tashkil etishga ko‘maklashish borasida amalga oshirilmoqda. Qaror bo‘yicha “Bog‘bon” mahallasining 100 nafar fuqarolariga dehqon xo‘jaligi uchun ajratilgan yerlar lot (auksion) orqali tarqatildi. Buning uchun aholi, ayniqsa, yoshlarga auksionda qatnashish uchun elektron raqamli imzo (ERI) kalitlari sayyor tartibda, bepul berildi.
Mahalladagi yoshlar yetakchisi Mehriddin Muhiddinovning aytishicha, hududda 503 nafar 16 yoshdan 30 yoshgacha yigit-qizlar bor. Yil boshida ular orasida ishsizlar ko‘p edi. Davlatimiz tomonidan aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar tufayli bu muammo hal bo‘lmoqda. Birinchi galda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalangan holda ishlar tashkil etilmoqda. Aslida bu mahallaning drayveri bog‘bonchilikka ixtisoslashgan. Aholi tomorqachilik, uzumchilik va sabzavot yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Hozir mahalla yoshlari yangi ochilgan adirlikda o‘zlariga ajratilgan 20 sotixli yerda turli navlardagi uzum ko‘chatlari, bodring, pomidor va bulg‘or qalampiri kabi sabzavot mahsulotlari yetishtiryapti.
Keyingi manzil tumanning Kumushkon qishlog‘i bo‘ldi. Bu yerda 3,5 ming nafar aholi yashaydi. Bugun fuqarolarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilish, qulaylik yaratish va huquqiy savodxonligini oshirishda davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatilayotgan sayyor xizmatlar tizimi xodimlar ish faoliyatining ajralmas qismiga aylanmoqda. Davlat xizmatlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi va tuman Davlat xizmatlari markazi xodimlari sayyor xizmatlar uchun mo‘ljallangan avtobusda kelib hududda yashovchi insonlarga yengillik yaratdi. Sayyor xizmat davomida aholi o‘rtasida xizmatlarni davlat xizmatlari markazlariga kelmasdan, Yagona interaktiv portal orqali elektron tarzda olish targ‘ib qilindi.
[gallery-7699]
Mutaxassislar tomonidan mazkur portal orqali murojaat qilgan shaxslarga markazga shaxsan borib to‘lanadigan to‘lovga nisbatan kamroq to‘lash imkoniyati, ya’ni imtiyoz berish orqali qulayliklar yaratilganligi tushuntirildi. Bunday qulayliklardan samarali foydalanish fuqarolarimizning vaqti, mablag‘i tejalishiga xizmat qiladi. Qolaversa, davlat xizmatlari markazlaridagi navbat kutishlarning oldi olinadi. Kun davomida fuqarolar kommunal xizmat ko‘rsatish tarmoqlariga ulanish, kadastr pasportini shakllantirish, soliqdan qarzi bor yoki yo‘qligi haqida ma’lumot olish kabi 20 ga yaqin davlat xizmatlaridan foydalandi. Jurnalistlar mazkur jarayonlarni kuzatdi, aholi va mutaxassislar bilan suhbatda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Shundan so‘ng “Hazrat Ali” ziyoratgohi atrofidagi mehmon uylari faoliyati ko‘zdan kechirildi. Bu joylarga sayyohlar yil bo‘yi so‘lim va xushmanzara go‘zalliklaridan bahramand bo‘lish uchun keladi.
Xususan, “Masjidali” ziyoratgohi – xalq orasida alohida mehr bilan yodga olinadigan Hazrat Ali nomi bilan bog‘liq ko‘rkam qadamjo hisoblanadi. Bu joy viloyatning eng ajoyib diqqatga sazovor joylaridan biridir. Ziyoratgohda ajoyib ulkan chinor va shifobaxsh buloq suvi ziyoratchilar tomonidan e’zozlanib, bu mo‘’jizalarni ular aynan Hazrat Alining tashrifi bilan bog‘laydilar. Ushbu hududda qadimdan kumush konlari mavjud bo‘lib, buloq suvlariga ijobiy ta’siri natijasida inson salomatligiga nihoyatda foydali hisoblanadi. Turistlarga mehmon uylarida xizmat ko‘rsatiladi. Yaqinda shu yerlik 10 nafarga yaqin fuqarolar Davlat xizmatlari agentligidan rasmiy ro‘yxatdan o‘tib, o‘z xonadonlarida mehmon uylarini tashkil qildi. Ulardan biri Antonina Madaliyeva bo‘lib, 2019 yildan beri turizm sohasiga qiziqib, tadbirkorlikni boshladi. U oilasi bilan xonadonida bir kunda 10-20 nafar mehmonlarga xizmat ko‘rsatadi. Bu yerda milliy liboslar muzeyi tashkil etilgan.
Shu bilan birga, boshqa barcha qulayliklar yaratilgan. Tadbirkor ayol kelgusida faoliyatini kengaytirish uchun tijorat bankidan kredit oldi. Unga tuman adliya bo‘limi xodimlari huquqiy yordam berdi. Endilikda mazkur joylardagi bu kabi aholini tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, turizm sohalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilyapti. Oilaviy mehmon uylari tashkil etilishi natijasida ko‘plar o‘z uyida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, ro‘zg‘orini tebratish, bandlikni ta’minlash va turizm rivojiga hissa qo‘shish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Toshkent viloyatida ayni kunda 800dan ortiq mehmon uylari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Parkent tumanining o‘zida ayni kunda 56 ta mehmon uylari faoliyat olib bormoqda. Ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik sub’ektlari soni 11 ming 89 tani tashkil etadi. Tadbir davomida jurnalistlar Toshkent viloyati adliya boshqarmasi xodimlari bilan suhbatlashib, o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha ma’lumot oldi.
A. Musayev, O.G‘ulomov(surat), O‘zA