Energotejamkor uskuna – koni foyda
Sayyoramizning ko‘plab davlatlarida kuzatilayotgan energiya taqchilligi mamlakatimizga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Yildan-yilga yangi sanoat korxonalari ishga tushirilayotgani, xizmatlar ko‘rsatish rivojlanib, yangi-yangi turar-joy binolari barpo etilayotgani iste’molchilarning tabiiy gaz hamda elektr energiyasiga bo‘lgan talab va ehtiyojini oshirayotir. Bu sharoitda energotejamkor uskunalar va muqobil energiya manbalaridan foydalanish energoresurslarni iqtisod qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimizning 2019 yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Iste’molchilarning energiya samaradorligi oshirilib, energiya sarfi hajmini pasaytirishga, soha va tarmoqlarda energiya tejovchi ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etishga e’tiborni kuchaytirayotir.

Surxondaryo viloyatida ham ishlab chiqarish jarayonlariga zamonaviy energiya samarador va energiya tejovchi texnologiyalar o‘rnatilib, elektr energiyasi hamda tabiiy gazni tejashga erishilmoqda. Jumladan, Sho‘rchi tumani hokimiyatining axborot xizmati rahbari Nigina Shoyeva tumandagi yirik iste’molchilar energotejamkor uskunalarni o‘rnatib, tabiiy gaz va elektr energiyasini iqtisod qilayotganidan, avvallari energiya resurslari uchun sarflagan ortiqcha mablag‘i endilikda korxona foydasiga qolayotganidan mamnun ekanini aytib qoldi. Bu borada olib borilayotgan tizimli ishlar haqida so‘zlab berdi.

Bu ishning samaralari bilan qiziqib, tumandagi Bo‘ston mahallasida faoliyat yuritayotgan "Farovon quvonch rivoj" xususiy korxonasiga qarashli non mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘limiga yaqinda o‘rnatilgan tejamkor gaz-gorelkali qurilma bilan tanishdik.
Korxona novvoylari bir kunda aholiga o‘rtacha 500, bir oyda 15 ming dona shirmoy non yetkazib beradi. Uni pishirish uchun tabiiy gazdan foydalanadi.

– Tejamkor uskuna koni foyda ekan, – deydi xususiy korxona rahbari Nargiza Sultonova. – Hozir oylik sinovdan o‘tkazdik. Buni qarangki, bir oyda 450 kub-metrdan ortiq tabiiy gazni tejab qolibmiz. Bu raqamni bir yilga ko‘paytirsangiz 5 ming 500 kub-metrgacha tabiiy gaz iqtisod qilinadi. Bu avvallari sarflangan shuncha miqdordagi yoqilg‘i xarajati korxona foydasiga qoldi, degani. Shuningdek, ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxida ham o‘zgarish bo‘ladi. Biz tejagan yoqilg‘ini esa boshqa bir iste’molchi o‘z ehtiyoji uchun ishlatadi.

Xususiy korxona novvoylari gaz tejamkor uskuna o‘rnatilguncha bir oyda 2 ming 56,5 kub-metr hajmdagi tabiiy gazdan foydalangan bo‘lsa, energiya tejaydigan yangi qurilma bilan jihozlagach, oyiga 1 ming 603,5 kub-metr gaz yoqilg‘isini sarflamoqda. To‘lovlarda iqtisod qilinayotgan mablag‘ni korxonani yanada rivojlantirish uchun ishlatish rejalashtirilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda tumandagi ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalariga 70 ga yaqin zamonaviy tejamkor tabiiy gaz qurilmasi, 1 ming 733 iste’molchiga quyosh paneli o‘rnatildi. Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha inshootlariga tejamkor tabiiy gaz uskunalari hamda muqobil energiya manbalarini o‘rnatish davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri