Energotejamkor gaz yondirgichlari tejamkor va xavfsizdir
Bugun tejamkorlik masalasiga keng e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda gaz ta’minoti mas’ullari tomonidan targ‘ibot va tushuntirishlar olib borilmoqda. Tadbirlarda asosiy e’tibor eski, nostandart gaz jihozlaridan foydalanishda xavflilik darajasi yuqori ekanligiga qaratilmoqda.
–Ba’zi iste’molchilar tomonidan hamon foydalanib kelinayotgan eski gaz jihozlaridan misol tariqasida 1 pallali gaz yondirgichli isitish jihozlarini oladigan bo‘lsak, uning soatlik sarfi 0,95 m3lik yondirgich o‘rnatilgan bo‘lsa, qish kunlari ob-havo harorati +7 darajaga tushganda o‘rtacha 0,75 m3 sarfi kuzatiladi, –deydi “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali xodimi Sa’dullo Xalilov. – Bu esa, kunlik 18 m3 ni, oylik 540 m3 gaz sarfini, to‘lovi esa 205200 so‘mni tashkil qiladi. Ularda avtomatik me’yorlash tizimi yo‘qligi sababli, kunlik olinayotgan gaz hajmlari iste’molidan ortiqcha sarflanishi kuzatilmoqda.

Agarda zamonaviy energotejamkor gaz yondirgichlari o‘rnatilsa, avtomatik soatlik sarfi o‘rtacha 0,8 m3lik yondirgich o‘rnatilgan bo‘lsa, qish kunlari ob-havo harorati +7 darajaga tushganda o‘rtacha 0,6 m3 gaz sarfi kuzatiladi. Bu esa o‘z navbatida kunlik 14,4 m3 ni, oylik 432 m3 gaz sarfini, to‘lovi esa 164160 so‘mni tashkil qiladi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, zamonaviy energotejamkor gaz jihozlari tabiiy gazning o‘rtacha 20 foiz tejalishiga olib keladi.
Joylarda targ‘ibotlar davomida ayni shu jihatga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Raqamlar asosida ma’lumotlar berilmoqda.

O‘tgan yili jami 64 mingdan ortiq energotejamkor gaz jihozi o‘rnatilgan bo‘lsa, joriy yilda esa 90 mingdan ortiq o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Shubhasiz, bu 42 million metr kubdan ortiq tabiiy gazning tejalishiga olib keladi. Joriy yilning dastlabki oylarida esa 17 mingga yaqin energotejamkor gaz jihozi o‘rnatildi.
Agar har bir iste’molchi energotejamkor gaz yondirgichlarini o‘rnatsa, u tejamkorlik bilan bir qatorda xavfsizligiga ham e’tibor qaratgan bo‘ladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri