Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlariga chek qo‘yilmoqda
“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan hududlarda elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga rioya etilishi, shuningdek, energetika qurilmalarining belgilangan talablar asosida ekspluatatsiya qilinishi yuzasidan nazorat tadbirlari muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
Xususan, Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbirida “F. Z. B.” MCHJga qarashli suv nasoslari o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulangan holda, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelinganligi aniqlandi. Mazkur qoidabuzarlik oqibatida elektr ta’minoti korxonasiga 1 milliard 561 million so‘mlik zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, Andijon tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida “Z.M.H.” MCHJga qarashli korxonada sertifikatlashtirilmagan energetika uskunalaridan foydalangan holda elektr energiyasidan belgilangan talablarga zid ravishda foydalanib kelinayotganligi aniqlandi. Ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 940-sonli qonuni 47-moddasi asosida hisob-kitob qilinib, korxonaga nisbatan 29,8 million so‘m miqdorida iqtisodiy sanksiya qo‘llanildi.
Bundan tashqari, Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan nazorat tadbirida yakka tartibdagi tadbirkor N.O. ga qarashli novvoyxona tegishli tashkilotlardan ruxsat olmasdan, o‘zboshimchalik bilan gaz tarmog‘iga ulangan holda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotganligi aniqlandi. Natijada gaz ta’minoti korxonasiga 399 million so‘mlik zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.
Energetika sohasidagi nazorat tadbirlari doirasida neft mahsulotlarini realizatsiya qilish bilan bog‘liq qoidabuzarlik ham aniqlandi. Jumladan, To‘rtko‘l tumanida joylashgan “B.A.” xususiy korxonasiga qarashli avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida yoqilg‘i tarqatish ustunlari navbatdagi davlat qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilmasdan faoliyat yuritganligi ma’lum bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan shoxobchaga nisbatan realizatsiya qilingan neft mahsulotining 50 foizi miqdorida, ya’ni 637 million so‘m jarima qo‘llanildi.
Shu kabi qoidabuzarliklarning oldini olish maqsadida Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida joylashgan “X.T.L.” MCHJga qarashli asfalt ishlab chiqarish korxonasida ham o‘rganish o‘tkazildi. Nazorat davomida korxona yiliga 100 ming kub metrdan ortiq tabiiy gaz iste’mol qilishiga qaramasdan, texnik jihatdan qayta jihozlangan gazdan foydalanish uskunalari uchun tegishli xulosalarni olmasdan faoliyat yuritib kelayotganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining 701-sonli qonuniga muvofiq, korxonaga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida jarima qo‘llanildi.
Inspeksiya axborot xizmatining ma’lum qilishicha, bunday nazorat tadbirlari energetika resurslaridan qonuniy va samarali foydalanishni ta’minlash, iste’molchilarning belgilangan talablarga rioya etishini nazorat qilish hamda qoidabuzarliklarning oldini olishga xizmat qilmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA