Energiya manbalari salohiyati yuksalmoqda
Shu kunlarda mamlakatimiz qutlug‘ bayram nafasi bilan yashamoqda. Vatanimiz mustaqilligining 24-yilligi munosabati bilan barcha shahar va tumanlar, qishloq va mahallalar keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari samarasida yanada obod va charog‘on bo‘lmoqda.
Shu kunlarda mamlakatimiz qutlug‘ bayram nafasi bilan yashamoqda. Vatanimiz mustaqilligining 24-yilligi munosabati bilan barcha shahar va tumanlar, qishloq va mahallalar keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari samarasida yanada obod va charog‘on bo‘lmoqda.Farovon yurtga bayramlar yarashadi. “Sharq taronalari” X xalqaro musiqa festivaliga tayyorgarlik ham eng ulug‘, eng aziz ayyomga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlayotir. Xususan, Samarqand shahridagi Registon maydoni yoritish tizimlarini eng so‘nggi rusumdagi texnologiyalar asosida jihozlash yumushlari bajarilmoqda. Bu yerda yangi tizimda arxitekturaviy yoritish, lazer shou va 3D o‘lchamdagi namoyish ko‘zda tutilgan. Shahardagi markaziy ko‘cha va xiyobonlarda turli-tuman rangdagi yorug‘lik illuminatsiyasi tashkil etilmoqda. Bunday chora-tadbirlar festival o‘tkazilayotgan kunlarda shahar qiyofasiga yanada betakror ruh bag‘ishlaydi.
Mazkur yumushlarda “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatining alohida o‘rni bor. Aksiyadorlik jamiyati tomonidan mamlakatimizda elektr ta’minotida uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik, aholini elektr energiyasi bilan ta’minlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, energiya tejamkor loyihalarni joriy etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar jalb etilib, muqobil energiya manbalari – shamol, quyosh, gidroenergetika, issiqlik elektr stansiyalari rivojlantirilmoqda. Misol uchun, yaqinda “Jizzax” maxsus industrial zonasida xitoylik hamkorlar bilan quyosh kollektorlarini ishlab chiqaruvchi “Quyosh issiqlik energiyasi” qo‘shma korxonasi faoliyat yurita boshladi. Birinchi navbati ishga tushgan mazkur korxonada yiliga 20 ming dona quyosh suv isitish kollektori ishlab chiqariladi. Janubiy koreyalik ishbilarmonlar bilan energiya tejamkor svetodiodli chiroqlar ishlab chiqaruvchi “Yorqin chiroqlar” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Korxona yiliga ikki yarim million dona svetodiodli chiroq ishlab chiqaradi.
Qayta tiklanuvchan energiya manbalaridan keng foydalanishni rivojlantirish maqsadida Samarqand, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida har birining quvvati 100 megavatt bo‘lgan quyosh elektr stansiyalarini qurish mo‘ljallanmoqda. Bunda yiliga o‘rtacha 350 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish va 110 million kub metr gazni iqtisod qilishga erishiladi.
Sohada yangi texnologik yechimlardan foydalanish, xizmatlar hajmini oshirish bilan birga, sarflanayotgan shartli yoqilg‘i miqdorini kamaytirish, asosiy quvvatlar va yordamchi xo‘jaliklarda muqobil energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish borasida keng ko‘lamli yumushlar bajarilmoqda.
– Asosiy vazifamiz iqtisodiyot tarmoqlari va aholini elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash, energetika tizimini boshqarish va muvofiqlashtirishdan iborat, – deydi “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyatining elektr tarmoqlaridan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Hakimov. – Tizimdagi ishlab chiqaruvchi quvvatlar, bug‘-gaz qurilmalari modernizatsiya qilinib, eskirgan uskunalar tejamlisiga almashtirilayotir. Keyingi yillarda elektr tarmoqlarini modernizatsiya va yangilash dasturi doirasida hududlardagi uch ming donadan ortiq transformator punkti va qariyb besh ming kilometr past kuchlanishli tarmoqlar yangilandi. 2015-2019-yillarda 25 ming kilometr elektr tarmog‘i va olti mingga yaqin transformator punkti modernizatsiya qilinadi. Asosiy maqsad tabiiy gaz, elektr energiyasi, neft mahsulotlari va boshqa turdagi energiya resurlaridan tejamli foydalanib, iqtisodiyotdagi barqaror sur’atlarni ta’minlashdan iborat.
Barcha turdagi yoqilg‘i turlarini maksimal muvozanatlash hamda ulardan oqilona foydalanish uchun elektr stansiyalarda foydalanilayotgan gaz hajmlarini kamaytirish va ko‘mirdan elektr ishlab chiqarish ulushini oshirish ko‘zda tutilgan. Mavjud issiqlik elektr stansiyalarida bir kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun shartli yoqilg‘ining solishtirma sarfi zamonaviy energiya manbalarinikiga nisbatan 120 gramm ko‘p. Misol uchun, Navoiy issiqlik elektr stansiyasidagi mavjud zamonaviy texnologiyalar ikki yilda 720 million kub metrdan ortiq tabiiy gazni tejash imkonini berdi. Sirdaryo IESda ikkita energoblokda modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari bajarildi. Natijada ularning ishlash davri yana 20-yilga uzayib, quvvati 300 megavattdan 325 megavattga oshdi. Shu bilan birga, joriy yilning o‘tgan davrida 44 million kub metr gaz iqtisod qilishga erishildi.
Chorvoq, Toshkent, Shahrixon, Qodiriya, Quyi Bo‘zsuv, Farhod GESlarida modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari davom ettirilmoqda. 2014-2017-yillarga mo‘ljallangan ushbu loyihalardan ko‘zlangan maqsad, muqobil energiya olish, ya’ni tabiiy gaz, ko‘mir, mazut yoqilg‘ilarini iqtisod qilish orqali elektr energiya ishlab chiqarishdan iborat. Hozirgi kunda Chorvoq GESining birinchi va ikkinchi gidroagregatlari modernizatsiya qilinib, stansiyaning quvvati 15 megavattga oshdi. Bu qo‘shimcha 32 million kilovatt-soat elektr energiya ishlab chiqarish demakdir. Uchinchi va to‘rtinchi gidroagregatlarni modernizatsiyalash yakunlagach, stansiyaning quvvati yana ikki barobarga oshadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bug‘-gaz qurilmasi zamonaviy ilmiy-texnik ishlanmalardan bo‘lib, yuqori iqtisodiy ko‘rsatkichga ega. Shu bois 2020-yilgacha mamlakatimizda o‘ndan ziyod bug‘-gaz va to‘rtta gaz-turbina qurilmasini ishga tushirish mo‘ljallanmoqda. Farg‘ona vodiysida elektr energiya tanqisligini kamaytirish, mavjud resurslardan oqilona foydalanish maqsadida Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida quvvati 450 megavatt bo‘lgan bug‘-gaz qurilmasi qurilishi davom etmoqda.
Sohada bir qator investitsion loyihalar ham amalga oshirilmoqda. Misol uchun, Talimarjon IESni har birining quvvati 450 megavattdan bo‘lgan ikkita bug‘-gaz qurilmasini qurish hisobiga kengaytirish ishlari olib borilmoqda. 2017-yilda ishga tushishi kutilayotgan bu loyiha tufayli yiliga qo‘shimcha 7 milliard kilovatt-soatdan ziyod elektr energiyasi ishlab chiqariladi va 764 million kub metr gazni iqtisod qilishga erishiladi. Shuningdek, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarini elektr energiyasi bilan ta’minlash yanada barqarorlashadi.
Navoiy IESda ham 2017-yilda ana shunday qurilmani ishga tushirish rejalashtirilgan. Bunda yiliga o‘rtacha 3,3 milliard kilovatt-soat elektr va 1,5 million Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi va o‘rtacha 330 million kub metr tabiiy gaz tejaladi. Taxiatosh IESdagi bug‘-gaz qurilmalarini qurish investitsion loyihasi ham o‘ziga xos. 2020-yilda yakunlanishi kutilayotgan mazkur loyiha tufayli yiliga qo‘shimcha 600 million kilovatt-soat elektr energiya ishlab chiqarishga erishiladi.
“O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2019-yilgacha barcha hududiy tarmoqlarda modernizatsiya hamda rekonstruksiya ishlari bajarilib, yangi elektr tarqatish tarmoqlari barpo etiladi. Joriy qilinadigan izolatsiyalangan simlar ko‘magida elektr energiyani yetkazib berish sifati oshib, ekspluatatsion xarajatlar, elektr uzatishdagi sarflar kamayadi. Natijada iste’molchilarning energiya ta’minoti barqarorligi masalasida bildirayotgan e’tirozlariga o‘rin qolmaydi.
Muxtasar aytganda, mamlakatimizda barcha sohalar qatori energetika tarmog‘ini jadal rivojlantirish, elektr energiyasi ishlab chiqarishga ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan yumushlar xalqimizning hayot sifati va farovonligi yanada yuksalishiga xizmat qilmoqda.