Energetika sohasini isloh qilishdan qanday natijalar kutilmoqda?
Bugun bosqichma-bosqich elektr energiyasining raqobatbardosh ulgurji va chakana bozorlarini yaratish muhim sanaladi. Bu yo‘nalishdagi bozorda raqobatni qo‘llab-quvvatlash, talab va taklif mutanosibligini ta’minlash har qachongidan ham dolzarb.
Prezidentimizning 2023 yil 28 sentyabrdagi “Energetika sohasini isloh qilishning navbatdagi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ham soha istiqboliga doir bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan. Jumladan, tizimda infratuzilmani yaxshilash, iste’molchilarning energiya resurslariga bo‘lgan o‘sib borayotgan talabini qondirish kabi muhim maqsadlar mujassam.
Yurtimizda bu yo‘nalishda ko‘p yillar davomida to‘plangan muammolarni hal qilish, sohaga zamonaviy mexanizmlarni joriy qilish, xususiy sektor ulushini ko‘paytirish, “yashil iqtisod”ni rivojlantirish har doimgidan ahamiyatli. Zero, iste’molchini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash aholi turmushini yaxshilovchi, mamlakat taraqqiyotini kafolatlovchi muhim omillardan sanaladi.
Farmonga muvofiq, energetika bozori regulyatori, ya’ni Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tashkil etilmoqda. Hukumat bo‘ysunuvidagi mazkur Agentlik zimmasiga bir qator muhim vazifalar yuklatilgan.
– Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi elektr energiyasining ulgurji va chakana bozoriga o‘tishni tashkil qiladi, – deydi Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Bahodir Jo‘rayev. – Shuningdek, bu bozorning ishtirokchilariga teng huquq va sharoitlar yaratadi. Energetika bozori ishtirokchilarini litsenziyalash ham shu agentlik zimmasida bo‘ladi. 2026 yildan elektr energiyasini yetkazib berish, taqsimlash tariflari va to‘lovlarini tasdiqlaydi. Investitsiya loyihalarini muvofiqlashtirish vazifalari ham shu agentlikka yuklatiladi.
Bugun elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi o‘z mahsulotiga narx belgilay olish imkoniyatiga ega emas. Davlat iste’molchini o‘ylagan holda ishlab chiqaruvchining zararini qoplab beradi. Bunda ishlab chiqaruvchi faoliyatiga aralashuv yuzaga keladi. Sohada narx-navoning erkin bo‘lmasligi esa raqobat muhitiga ta’sir qiladi. Investitsion jozibadorlikni pasaytiradi.
Hujjat bilan “O‘zenergosotish” aksiyadorlik jamiyati ham tashkil etiladi. U elektr energiyasini markazlashgan tartibda xarid qilish va sotish funksiyasini bajaradi.
– 2025 yil 1 yanvardan boshlab tizimda bir qator o‘zgarishlar bo‘ladi, – deydi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqarma boshlig‘i Erkin Do‘styorov. – Ya’ni “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning elektr energiyasi eksporti va importi shartnomalari, xususiy elektr stansiyalari bilan imzolangan elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitimlari bo‘yicha majburiyatlari yangi tashkil etilayotgan aksiyadorlik jamiyatiga to‘liq o‘tkaziladi. Hujjatga ko‘ra, istiqbolda aksiyadorlik jamiyati elektr energiyasini talab va taklifdan kelib chiqqan holda shakllanuvchi erkin narxlarda onlayn savdo platformasi orqali sotadi.
Ta’kidlanishicha, bu platforma to‘liq raqamlashtiriladi. Unda yirik elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilar va ulgurji xaridorlar ishtirok etadi. Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tomonidan berilgan litsenziya asosida platformaga kiriladi.
Resursda elektr energiyasi bo‘yicha talab va taklif inobatga olinadi. Ya’ni bozor mexanizmlari ishlaydi. Yirik iste’molchini ishlab chiqaruvchi tomonidan taklif etilayotgan narx, yetkazib berish quvvati kabi shartlarning bajarilishi qanoatlantirsa xaridor bo‘ladi. Narxlar ham bozor tamoyilidan kelib chiqib shakllanadi. Operatorlar, o‘z navbatida, ishlab chiqaruvchilardan elektr energiyasini xarid qilib, aholiga va kichik iste’molchilarga uzatadi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Bugungi kunda elektrni uzatish tartibi qanday mexanizm asosida ishlamoqda?
Ayni tartibga ko‘ra, yirik ishlab chiqaruvchilar markazlashgan tartibda elektr energiyasini “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga sotadi. Bu aksiyadorlik jamiyati esa elektrni “Hududiy elektr tarmoqlari”ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotadi. Iste’molchilarga yetkazib berish funksiyasi to‘liq “Hududiy elektr tarmoqlari”da qolgan.
Kelgusida iste’molchiga elektr energiyasini yetkazib berishga chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi xususiy operatorlar jalb qilinadi. Bunda sohadagi “Hududiy elektr tarmoqlari”ning monopoliyasi tugatilishi nazarda tutilgan.
Ikrom Avvalboyev, O‘zA muxbiri