Energetika sohasida yangi tayinlangan rahbarlar jamoaga tanishtirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoqilg‘i-energetika masalalari bo‘yicha maslahatchisi Behzod Normatov ishtirokida yoqilg‘i-energetika tizimi tashkilotlariga yangi tayinlangan rahbarlarni jamoaga tanishtirish tadbiri o‘tkazildi.
Unda energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Sardor Isaqulov hamda “O‘zenergoinspeksiya” rahbari etib tayinlangan Ahad Isoqjonov tizim jamoasiga rasman tanishtirildi.
Uchrashuvda Prezident rahbarligida shu kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilab berilgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Ularni belgilangan muddatlarda, sifatli va to‘liq amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Shuningdek, sohada ijro intizomini yanada kuchaytirish, har bir topshiriqqa mas’uliyat bilan yondashish hamda xizmat vazifalarini vijdonan bajarish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi. Rahbar va mas’ul xodimlar zimmasidagi shaxsiy javobgarlik yuqori ekani ta’kidlanib, befarqlik yoki vazifaga nisbatan mas’uliyatsiz munosabatga mutlaqo yo‘l qo‘yilmasligi qayd etildi.

Yig‘ilishda yoqilg‘i-energetika sohasida hali amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘pligi, erishilayotgan natijalar esa kundalik mehnatning tabiiy samarasi sifatida baholanishi lozimligi ta’kidlandi. Barcha sa’y-harakatlar belgilangan vazifalarning samarali va to‘liq ijrosini ta’minlashga yo‘naltirilishi zarurligi uqtirildi.

Energetika vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, tadbir yakunida tizim tashkilotlari rahbarlari va jamoalari oldida turgan vazifalarni o‘zaro hamjihatlik, yuksak mas’uliyat, fidoyilik va qat’iy intizom asosida amalga oshirish muhim ekani yana bir bor eslatib o‘tildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA