“Endowment Fund” – O‘zbekiston tajribasida yangi tuzilma
Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan mamlakatimizda ilk marotaba oliy ta’lim muassasasi faoliyatini moliyalashtirishning yangi manbai – Maqsadli kapital jamoat fondi (Endowment Fund) tashkil etildi.
Mazkur fond universitet xodim va talabalarini dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari hamda xalqaro tashkilotlarda malaka oshirishi, ta’lim olishi va stajirovka o‘tashini tashkil etish orqali kadrlar salohiyatini yuksaltirish, universitetning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga ko‘maklashish maqsadida tuzildi. Maqsadli kapital jamoat fondi nodavlat notijorat tashkiloti sifatida Adliya vazirligidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari uchun yangilik bo‘lgan “Endowment Fund” xalqaro tajribada oliy ta’lim tashkilotlari faoliyatini moliyalashtirishning eng samarali bozor mexanizmlaridan biri hisoblanadi. Masalan, AQSH universitetlarida 800 dan ortiq “Endowment Fund«lar bo‘lib, ularning umumiy kapitali 2 trillion dollarga teng. Dunyodagi eng katta maqsadli kapital jamoat fondi Garvard universitetiga tegishli bo‘lib, uning umumiy byudjeti 36 milliard dollarni tashkil etadi.
– “Endowment Fund” dunyo universitetlarida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan mashhur institutdir, – deydi Toshkent davlat yuridik universiteti dekani Dildora Kamolova. – Mamlakatimiz uchun esa yangi tuzilma hisoblanadi. TDYUU Maqsadli kapital jamoat fondi ham universitetning o‘z oldiga qo‘ygan ustuvor yo‘nalishlarini inobatga olgan holda ilm-fan, ta’limni yanada rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator dasturlarni amalga oshiradi.
Xususan, fond tomonidan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash maqsadida universitet xodimlari, doktorantlari va talabalarini rivojlangan xorijiy davlatlarning yetakchi ta’lim, ilmiy muassasalari va boshqa nufuzli tashkilotlariga ta’lim olish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, stajirovka o‘tash va malaka oshirishga yuborish bo‘yicha stipendiya va grantlar e’lon qilinadi. Iqtidorli talabalar o‘z bilimini yanada mustahkamlashi uchun zarur o‘quv va ilmiy adabiyotlar hamda jihozlar bilan ta’minlanadi hamda ular o‘z ustida ishlashi va ilmiy salohiyatini muntazam oshirib borishi uchun muntazam moddiy qo‘llab-quvvatlanib, rag‘batlantiriladi.
Shuningdek, turli olimpiada, musobaqa va tanlovlarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan talabalarning nafaqat o‘zi, balki ustozlari ham fond hisobidan rag‘batlantiriladi. Bundan tashqari, kam ta’minlangan oilalar va yetim bolalar toifasiga kiruvchi talabalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy faol va universitetda samarali mehnat qilayotgan xodimlarni moddiy rag‘batlantirish, ularning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashish ham fondning asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Qolaversa, fond mablag‘lari universitet moddiy-texnika bazasini yaxshilash, xususan, xalqaro darajadagi oliy ta’lim muassasasi bo‘lishi uchun zamonaviy kampusni barpo etish va jihozlashga ham yo‘naltiriladi.
Universitet Maqsadli kapital jamoat fondi mablag‘lari yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan, universitet bitiruvchilarining ixtiyoriy xayriya mablag‘lari, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlarining grantlari va beg‘araz o‘tkazilgan mablag‘lari, fondning tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllanadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA