Endokrin kasalliklarni erta oldini olish muhim masala
Keyingi yillarda mamlakatimizda tibbiyotning barcha bo‘g‘ini qatori, endokrinologiya sohasini takomillashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Viloyat ahliga endokrin xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan shifoxonamizda 120 o‘rinli statsionar, 150 ambulator qatnovli poliklinika mavjud, - deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Farg‘ona filiali bosh hamshirasi Mahbuba Ergasheva. – Bu yerda zamonaviy, o‘pkani sun’iy shamollatish apparati (IVL), kardiomonitor, EKG, yuqori texnologiyali rentgen apparati, portativ rentgen, portativ UTT apparati, IFA analizatori, SIPAP apparati kabi noyob tibbiy jihozlar bilan bemorlarni davolamoqdamiz. Ayniqsa, ekstrakorporal detoksifikatsiya usullari bilan davolash bemorlarga ancha qulaylik yaratmoqda.
[gallery-6068]
bugungi kunda endokrin kasalliklarini barvaqt aniqlash, ularning oldini olish va davolash bo‘yicha alohida dastur qabul qilinmoqda. Unga ko‘ra, eng avvalo, oilaviy va endokrin shifokorlari o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun joylarda tashkil etilgan tibbiyot brigadalari, hamshira ko‘rigi xonalari va salomatlik maktablari roli kuchaytiriladi.
– Endokrin kasalliklarni erta aniqlash maqsadida bemorlar va diabetga moyilligi bor aholiga kasallikni boshqarish o‘rgatiladi, - deydi muassasaning “Diabet maktabi” targ‘ibotchisi, hamshira Ma’mura Yoqubova. – Endokrin kasalliklarining oldini olishga katta e’tibor qaratilayotganligining o‘ziga xos sabablari bor. Chunki yod tanqisligi bilan bog‘liq xastalik ko‘plab boshqa kasalliklarni paydo bo‘lishiga olib keladi. Shunday ekan, endokrin kasalliklarining erta oldini olish uchun nafaqat shifokorlar mas’ul, balki har birimiz, qaysi kasbda ishlashimizdan qat’iy nazar bu borada astoydil ish olib borishimiz lozim. Zero, O‘zbekistonning yangi taraqqiyot strategiyasida bosh mezon etib belgilangan “Inson qadri uchun” tamoyili har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoitini, salomatligini yaratishni nazarda tutadi.
Yurtimizda har bir sohada ro‘y berayotgan o‘zgarishlar avvalo inson uchun yaratilayotgan qulayliklarning yorqin ifodasidir. Inson qadri ulug‘langan yurtning esa kelajagi ulug‘dir.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA