Endi tovariyonliklarning ham o‘z tibbiy punkti bor
Shu kunga qadar tovariyonliklar olis yo‘l bosib, “Sarvari” oilaviy shifoxona punktiga qatnashga majbur edi. G‘ijduvon tumani Tovariyon qishlog‘ida mahalla tibbiyot punkti faoliyati yo‘lga qo‘yilgani shu qishloqda yashovchi 170 ta xonadon, 222 ta oila, jami 900 nafarga yaqin aholini mamnun qildi.
Mazkur tibbiyot punktining ochilish tadbirida tuman hamda mahalla mutasaddilari, jamoatchilik vakillari, mehnat faxriylari hozir bo‘ldi.

Alvon lenta qirqilib, mehmonlar mahalla tibbiyot punktidagi qulayliklarni ko‘zdan kechirdi. Bunda mehnat qilayotgan patronaj hamshiralarga 14 xildagi dori-darmon va tibbiy jihozlarga ega tibbiyot sumkalari berildi. Oilaviy shifoxona punkti tibbiyot xodimlari tomonidan aholi orasida nisbatan ko‘p uchrayotgan kasalliklar tibbiy profilaktikasi, davolanish usullari, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga doir ko‘rgazma va parhez stollari tashkillashtirilgani ham e’tibordan chetda qolmadi. Kasalliklar profilaktikasiga oid tayyorlangan buklet va eslatmalar tarqatildi.




– Olib borilayotgan tibbiy profiliktik davolash ishlari samarasida hududda voyaga yetmagan 400 dan ortiq yoshga, 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan qariyb 2400 nafar, 60 yoshdan oshgan 400 nafar pensioner, yana 2 ming nafarga yaqin xotin-qizga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqdamiz, – deydi “Sarvari” OSHP mudiri O. Muhammedov.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri