Endi ta’lim kreditlari yanada foydali
Prezidentimizning 2021 yil 30 iyuldagi “Oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab respublikadagi barcha oliy ta’lim tashkilotlari ta’lim krediti ajratishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
U bu turdagi kreditlarni olish va qaytarish muddati va tartibini o‘zgartirishni ko‘zda tutadi. Xususan, ta’lim kreditining asosiy qismi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi. Ta’lim kreditini rasmiylashtirishda va uning qaytarilishida talabaning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruxsat etiladi. Yangi qoidalarga ko‘ra, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kirgan oilalar farzandlaridan ta’lim krediti uchun garov va kafilliklar talab etilmaydi.
Ta’lim kreditlari bo‘yicha tijorat banklarini moliyaviy resurslar bilan ta’minlash uchun Moliya vazirligi huzurida Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi tashkil etiladi. Jamg‘armaga Davlat byudjetidan 2021 yilda kamida 1 trillion so‘m, keyingi yillarda haqiqiy talabdan kelib chiqib mablag‘lar ajratiladi.
Vazirlar Mahkamasi ta’lim kreditlari bo‘yicha yuzaga keladigan kredit tavakkalchiligini Moliya vazirligi va tijorat banklari o‘rtasida taqsimlash hamda jamg‘armadan ajratilgan mablag‘larning bir qismini tijorat banklari tomonidan garov depoziti sifatida qabul qilishni nazarda tutuvchi ta’lim kreditlarini ajratish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlaydi. Nizom bilan jamg‘arma tomonidan ta’lim kreditlari uchun mablag‘lar ajratishda tijorat banklariga qo‘yiladigan muvofiqlik mezonlari o‘rnatiladi.
Roman BONDARCHUK, O‘zA