Endi sanoat markaziga aylanadi
Kechagina agrar hudud sifatida e’tirof etilgan Oqoltin bugun sanoatlashuv sari dadil qadam tashlamoqda. Tuman delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan xizmat safari davomida yirik investitsiyaviy kelishuvga erishildi. Xususan, Xitoyning “TK CHINA Group” kompaniyasi bilan Oqoltin tumanida zamonaviy ishlab chiqarish texnoparkini barpo etish bo‘yicha memorandum imzolandi.
Loyihaning umumiy qiymati 1,2 milliard AQSH dollarini tashkil etishi uni nafaqat tuman, balki viloyat miqyosidagi eng yirik investitsiya tashabbuslaridan biriga aylantirmoqda. Rejaga ko‘ra, texnopark hududida dastlabki bosqichda 50 dan ortiq ishlab chiqarish korxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

– Ushbu korxonalarda sanoat mahsulotlari, qurilish materiallari, elektrotexnika buyumlari hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish nazarda tutilgan, – deydi Oqoltin tumani hokimining o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Tursunov. – Bu mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, qo‘shimcha qiymat yaratish va eksport hajmini oshirish imkonini beradi.

Eng muhimi, loyiha doirasida 2,5 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Bu aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirish va yoshlarni doimiy ish bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

– Mazkur texnoparkning barpo etilishi Oqoltinning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirib, uni hududdagi muhim sanoat markazlaridan biriga aylantirish uchun mustahkam zamin yaratadi. Zamonaviy texnologiyalar, ilg‘or ishlab chiqarish jarayonlari va xalqaro hamkorlik asosida amalga oshiriladigan mazkur mega loyiha tuman iqtisodiyotini yangi bosqichga olib chiqadi, – deydi Ulug‘bek Tursunov.

Eng asosiysi, bugun asosan agrar hudud sifatida tanilgan Oqoltin uchun mazkur loyiha tarixiy ahamiyatga ega. U yaqin yillarda tumanning sanoat salohiyatini yuksaltirish, minglab aholi bandligini ta’minlash va hududni zamonaviy ishlab chiqarish markazlaridan biriga aylantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri