Endi Samarqandning o‘z “ekspo markazi” bor
Samarqand viloyatining Jomboy tumanida “SOF EXPO SAMARKAND” ko‘rgazma majmuasi ochildi.
Davlatimiz rahbari 2019 yil 19 sentyabr kuni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Samarqand viloyatida doimiy asosda faoliyat ko‘rsatuvchi ko‘rgazma tashkil etish topshirig‘ini bergan edi.
Ana shu topshiriq asosida M-39 avtomagistrali bo‘yida davlat-xususiy sherikchilik asosida yirik ko‘rgazma majmuasi barpo etildi.
[gallery-5960]
– Umumiy qiymati 25 milliard so‘m bo‘lgan mazkur loyiha asosida xalqaro standartlarga javob beradigan 4500 kv. m. yopiq hamda 5000 kv m. ochiq pavilon qurildi, – deydi “SOF EXPO SAMARKAND” ko‘rgazma majmuasi Ahmadjon Tojiboyev. – Shuningdek, bu yerda 50 kishilik konferens-zal, 3 ta muzokaralar xonasi, uch yuzduzli mehmonxona, xostel, kafe va restoranlar tashkil etilgan. Kelgusi yilda yana 8 ming kv.m. yopiq pavilon qurish va bu yerni Markaziy Osiyo ko‘rgazmalar markaziga aylantirishni maqsad qilganmiz.
Yangi majmuda ilk ko‘rgazma – “Qishloq xo‘jalik texnikalari va texnologiyalari – AGROPRO-2022” deb nom oldi.
Ko‘rgazmada yurtimizdagi, shuningdek, Rossiya, Turkiya, Xitoy, Koreyadagi 80 dan ortiq kompaniyalarning mahsulot va xizmatlari namoyish etilmoqda.
Samarqandlik va yurtimizning turli hududlaridan kelgan qishloq xo‘jalik korxonalari, klasterlar vakillari, fermerlar, zamonaviy qishloq xo‘jalik texnikalari, agregatlari va qo‘shimcha qismlari, intensiv sug‘orish tizimi uchun qurilma va materiallarga, issiqxonalar uchun jihozlarga, mineral o‘g‘it va dori vositalariga katta qiziqish bildirdi.
Ko‘rgazma doirasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy ishlanmalar, innovatsiyalar va startaplar taqdimotlari o‘tkazilib, olimlar va amaliyotchilar bevosita fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Meva-sabzovot eksportyorlari, qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatadigan o‘quv kurslari, bank va lizing muassasalari esa o‘z xizmatlari haqida ma’lumot berdi.
2022 yilning o‘zida majmuada 50 dan ortiq ko‘rgazma, forum, festivallar va boshqa ommaviy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA