Endi parlament vakolatlari o‘zgaradi
O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti Ma’muriy-huquqiy, jinoiy huquqiy fanlar bo‘limi boshlig‘i, yuridik fanlar doktori professor Ahror XUDOYBERDIEV bilan suhbatlashdi.
– Yangilanayotgan Konstitutsiyamiz davlatimizning mohiyatini, uning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy tuzumini, boshqaruvning demokratik prinsiplarini, jamiyat rivojlanishining strategik yo‘nalishlarini, fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlanganligini, milliy va ma’naviy qadriyatlarimiz asoslarini mustahkamlaydi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritilgan yangi normalar barcha sohalarni taraqqiy ettirishga, shu jumladan, davlat hokimiyatining yanada samarali tashkil qilishga yordam beradi.
bugungi kunda mamlakatimizda yangi tahrirdagi Konstitutsiya qoidalariga asosan demokratik, ijtimoiy va huquqiy davlatni qurish bosh maqsad sifatida belgilanmoqda. Shunday ekan, Konstitutsiya nafaqat davlatning, qolaversa, butun xalqning Bosh Qomusi sifatida maydonga chiqadi. U tarixiy rivojlanish va milliy mentalitetga qarab davlat shaklining o‘ziga xos xususiyatlarini aks ettiradi, davlat va jamiyat o‘rtasidagi huquqiy munosabatlarni mustahkamlaydi.
Mamlakatimizni uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, yurt va xalq farovon hayotining kelajakdagi mustahkam huquqiy asosi va ishonchli kafolatlari bevosita Bosh Qomusimizda ifodalangan. Yangi Konstitutsiyada yana “Barchaning qonun oldida tengligi va qonundan hech kim ustun emasligini ta’minlash, sudlar tomonidan adolatli qarorlar qabul qilish va umuman olganda, davlat hokimiyati organlarining xalqqa xizmat qilishi belgilab berildi. Yangi Konstitutsiyada «davlat – jamiyat – inson» tamoyilini «inson – jamiyat – davlat», ya’ni «inson manfaatlarini hamma narsadan ustun qo‘yish» tamoyiliga o‘zgartirilishi, mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni tub mohiyati, avvalo, inson va uning manfaatlariga xizmat qilishini ifoda etadi. Shuningdek, mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining roli, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
Konstitutsiya loyihasi tayyorlanayotganda aholidan kelib tushgan takliflarning qariyb 20 foizi, ya’ni 18 mingtasi aynan parlamentni isloh qilish bilan bog‘liqdir. Shundan kelib chiqib, xalq hokimiyatchiligini kuchaytirish, xalq vakillik organi bo‘lmish parlamentning rolini va o‘rnini, mas’uliyatini oshirish, uning vakolatlarini yanada kengaytirish, umuman, mamlakatimizda parlamentarizm, xalq hokimiyatchiligini yanada kuchaytirishga qaratilgan bir qator normalar loyihaga kiritilgan.
Yangilanayotgan Konstitutsiyada parlament palatalarining vakolatlari qayta ko‘rib chiqilib, yanada takomillashtirildi. Bunda tarmoqlar o‘rtasida bir-birini tiyish va muvozanatni saqlash tizimining samarali ishlashini ta’minlash maqsad qilib olingan. Unga ko‘ra, Qonunchilik palatasi va Senatning vakolatlari sezilarli darajada kengaydi, ikki palata ishidagi takrorlanishlar bartaraf etilib, har birining mas’uliyat sohasi aniq belgilab berildi. Xususan, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa, 12 tadan 18 taga ko‘paytirildi. Bundan tashqari, Bosh vazir nomzodi Prezident tomonidan Qonunchilik palatasiga kiritilib, uni xalq vakillari ma’qullaganidan so‘ng, lavozimga tayinlash tartibi belgilandi. Endi davlat rahbari tomonidan Bosh vazir nomzodi faqatgina saylovda eng ko‘p ovoz olgan partiya bilan emas, balki Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashgach, ko‘rib chiqish uchun kiritiladi. Ushbu kiritilayotgan o‘zgartirish demokratik talablarga to‘laligicha mos keladi.
Shuningdek, faoliyati qoniqarsiz deb topilgan vazirni lavozimidan ozod etish bo‘yicha Qonunchilik palatasi Prezidentga taklif kiritish taklif qilindi. Ushbu huquqning belgilanayotganligi Hukumat a’zolarining xalq vakillari oldidagi hisobdorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Oliy Majlis Senati qo‘mitalari vakolati qayta ko‘rib chiqilib, senatorlar sonini hozirgi 100 nafardan 65 nafarga kamaytirish belgilab berildi. Bunda har bir hududdan 4 tadan senator saylanishi, prezident tomonidan tayinlanadigan senatorlar soni esa 16 tadan 9 taga kamaytirish masalasi Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada alohida belgilab berildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada qonunchilik tashabbuskorligi huquqi sub’ektlari qatoriga O‘zbekiston Respublikasi xalqi ham kiritildi. Bu qoida esa demokratik talablarga to‘liq mos keladi. Yangi Konstitutsiyaning 98-moddasiga ko‘ra “Qonunchilik tashabbusi huquqiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, davlat hokimiyatining oliy vakillik organi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi egadirlar. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi va Bosh prokurori ham o‘z vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar bo‘yicha qonunchilik tashabbusi huquqiga egadir. Qonunchilik tashabbusi huquqi qonun loyihasini qonunchilik tashabbusi huquqi sub’ektlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish orqali amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasining saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli. Qonun loyihalarini, qonunchilik takliflarini kiritish va ko‘rib chiqish tartibi qonun bilan belgilanadi.
Yuqorida qayd qilinganidek, endi yangi qoidaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolari ham qonunchilik tashabbusiga ega bo‘lishi belgilandi.
Yangilanayotgan Konstitutsiyada qonunni qabul qilish va imzolash bosqichida yana bir xolatga e’tibor beradigan bo‘lsak, Asosiy qonunning 𝟗𝟗-moddasida “Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat tomonidan ma’qullanib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangach va qonunda belgilangan tartibda rasmiy manbalarda e’lon qilingach, yuridik kuchga ega bo‘ladi” deb ko‘rsatilgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuboriladi. Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan oltmish kun ichida ko‘rib chiqiladi va ma’qullangan taqdirda, imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga o‘n kundan kechiktirmay yuboriladi. Agar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qonunni ma’qullash yoki rad etish to‘g‘risida oltmish kun ichida qaror qabul qilmasa, Qonunchilik palatasi tomonidan qonun imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni oltmish kun ichida imzolaydi va e’lon qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga qaytariladi. Agar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonunni qayta ko‘rib chiqishda Qonunchilik palatasi deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qonunni yana ma’qullasa, qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan hisoblanadi hamda imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga Qonunchilik palatasi tomonidan yuboriladi.
Xulosa o‘rnida shuni alohida ta’kidlash mumkinki, davlatning oliy organi tomonidan qabul qilinayotgan har qanday qonun jamiyat, xalq va davlat uchun, qolaversa, ularning erki ifodasi sifatida yaratiladi. Shunday ekan, qonunlar fuqarolar uchun tushunarli, ravon tilda bayon etilishi lozim. Shundagina, qonunlarimiz xalqimiz tomonidan ijobiy baholanish bilan bir qatorda fuqarolar tomonidan ularga amal qilish va hurmat munosabati shakllanadi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA