Endi muhr qo‘yish talab etilmaydi
Bundan bir yil avval tadbirkorlar uchun muhrning umuman keragi bo‘lmaydi, desalar kim ishonardi?
Bundan bir yil avval tadbirkorlar uchun muhrning umuman keragi bo‘lmaydi, desalar kim ishonardi? Hech kim! Buni qarangki, shunday davrlar ham keldi. Aslida har bir tadbirkorning muhr voqeasi bilan bog‘liq mashmashasi bor. Kim uni yuqotgan, kim muhrsiz bankka borgan, yana birovning muhri kimniki bilan almashgan. Xullas, bugun tadbirkorlar muhr qo‘yish bilan bog‘liq ovoragarchilikdan xalos bo‘ldilar. Mazkur fikrimizni huquqiy asoslasak:
Ma’lumki, yurtimizda qulay biznes muhitini va xalqaro maydonda mamlakatning ijobiy nufuzini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Keyingi 5 yil davomida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” reytingida O‘zbekiston jahonning 190 ta mamlakati orasida 146 o‘rindan 76 o‘ringa ko‘tarilganini e’tirof etish joiz.
“Biznes yuritish” yillik hisobotida mamlakatning reytingini yaxshilashga doir qo‘shimcha choralar ko‘rish, shuningdek 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha 2019 yil 5 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4160-sonli qarori qabul qilindi.
Qarorga asosan Jahon banki va boshqa xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yanada yaxshilash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” hamda 2022 yilga kelib respublikaning 20-o‘ringa erishishini nazarda tutuvchi maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi. Qarorning 3-bandiga muvofiq, shu vaqtga qadar amalda bo‘lgan ayrim byurokratik to‘siqlar, jumladan, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlaridan hujjatlarga muhr bosilishi yoki hujjatlarning muhr bilan tasdiqlanishini talab qilish 2019 yil 1 martdan boshlab bekor qilindi. Endi tadbirkor o‘zi bilan birga olib yuradigan muhrni ofisida tashlab ham chiqishi mumkin.
Sohibjon Begmatov,
Navbahor tuman davlat xizmatlari
markazi bo‘lim boshlig‘i