Endi ichimlik suvdan muammo boʻlmaydi
Prezidentimizning 2024-yil 21-fevraldagi “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmonida aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish, shu jumladan, suv resurslarini tejash borasida qator muhim vazifalar belgilab berilgan.
Mazkur topshiriqlar ijrosidan Yangi Namangan tumani Mustaqillikning besh yilligi mahallasi hududidagi Saxovat koʻchasida sigʻimi 4000 ming kub boʻlgan “Boʻston suv uzatish inshooti” barpo etildi. Yetti oy davom etgan qurilish ishlari natijasida aholining toza ichimlik suviga boʻlgan ehtiyoji toʻlaqonli qondirildi.


Ahamiyatlisi, dastur doirasida D-500 mm. boʻlgan 128 metr masofadagi suv tarmogʻi ham yangilandi. Natijada, hududdagi 2 ming 858 xonadon, 17 mingdan ortiq aholining ichimlik suvi taʼminoti yaxshilandi. Bundan tashqari, 905 ta xonadon yoki 4050 nafar aholi ilk bor ichimlik suvi bilan taʼminlanmoqda.


Mazkur inshoot tumandagi Mingterak, Axsikent va Mustaqillikning besh yilligi mahallalari aholisiga sifatli ichimlik suvini uzluksiz yetkazishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Yangi Namangan tumani Yoshlik mahallasi hududida joylashgan “Mustaqillik suv uzatish inshooti” ham qaytadan taʼmirdan chiqarildi. Ushbu inshootdagi mavjud 1000 kub sigʻimga ega suv hovuzi rekonstruksiya qilinib, qoʻshimcha yana 1000 kub sigʻimga ega yangi hovuz qurildi.

Inshoot ishga tushishi, tumandagi Yoshlik mahallasining Humo, Sarbon, Taraqqiyot, Doston, Islomobod koʻchalari va Mustaqillikning besh yilligi mahallasining Yuksalish, Oysara, Ofarin koʻchalaridagi 5 ming 500 ga yaqin aholisiga chinakam tuhfa boʻldi.
Yangi suv inshootlarining ochilish marosimlarida Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.
Oqilxon Dadaboyev, OʻzA.